Oliy ta’lim tizimida transformatsiya: Prezident farmoni bilan yangi islohotlar belgilandi
Mamlakatimiz oliy ta’limida kechayotgan islohotlar yoshlarni tobora ko‘proq oliy ta’limga qamrab olish, jamiyat hayotining turli jabhalari uchun yuksak malakali kadrlar tayyorlash, tizimni xalqaro ta’lim jarayonidagi eng yaxshi va ilg‘or tajribalar bilan boyitish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan ta’limning ushbu tizimini yanada rivojlantirishga oid muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani mazkur hujjatning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov mazkur hujjat mamlakatimizda ilm-fan salohiyatini oshirish, oliy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda innovatsion iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirishga xizmat qilishini e’tirof etdi.
[gallery-28760]
Farmonga muvofiq, tizim taraqqiyotida yangi — “5T” tamoyili (ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish) joriy etiladi. Ushbu yondashuv oliy ta’lim muassasalari faoliyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, “U10 – O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari” dasturi yo‘lga qo‘yilib, ilmiy klaster asosida faoliyat yuritadigan 10 ta oliy ta’lim muassasasiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi.
Mazkur klasterlar oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, nufuzli xorijiy universitetlar va sanoat korxonalari hamkorligida shakllantiriladi hamda har biri 150 milliard so‘mgacha moliyalashtiriladi.
Ilmiy klaster loyihalari xalqaro Top-300 reytingga kirgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tanlov asosida saralanadi. Bunda professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy baza, xalqaro reytinglardagi o‘rin hamda moliyaviy ishtirok darajasi asosiy mezon sifatida belgilanadi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini baholashning yangi — milliy reyting tizimi joriy etiladi. Reyting natijalariga ko‘ra oliygohlarni moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Baholash jarayonida ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish darajasi va bitiruvchilarning bandligi kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.
Farmon bilan davlat grantlari asosida bir nafar talabani o‘qitish xarajatlarini aniqlashning yangi tartibi ham joriy etilmoqda. Unda professor-o‘qituvchilar yuklamasi, moddiy-texnik baza, ustuvor yo‘nalishlar va oliygoh reytingi kabi omillar hisobga olinadi.
Ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat ilmiy dasturlari doirasida loyihalarni tanlash va moliyalashtirishning shaffof tizimi joriy etilib, tanlovsiz moliyalashtirish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
Ta’lim tizimini xalqaro darajada integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, xorijiy talabalarni qabul qilish “Study in Uzbekistan” platformasi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, bakalavriatni xorijiy tilda tamomlagan bitiruvchilar keyingi bosqichga hujjat topshirishda til sertifikatidan ozod etiladi.
Farmonga muvofiq, Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etilib, har yili 500 nafargacha iqtidorli xorijiy talabalar uchun “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” ajratiladi.
Innovatsion rivojlanish agentligi faoliyati ham kengaytirilib, ilmiy loyihalarni saralash jarayonlariga bosqichma-bosqich sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi.
Shuningdek, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi tashkil etilib, ta’lim tizimida yagona raqamli ekotizim shakllantiriladi.
Vazirlik huzuridagi Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi faoliyati “jalb etish – saralash – takomillashtirish – moliyalashtirishga tavsiya etish – joriy etish” tamoyillari asosida tashkil etiladi.
Farmon bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qator qo‘shimcha vakolatlar berilib, oliy ta’lim muassasalarining mustaqilligi va boshqaruv samaradorligi oshiriladi. Jumladan, qabul jarayonlarini tasdiqlash, rektor va rahbar kadrlarni tayinlash, akademik jarayonlarni tartibga solish kabi vakolatlar vazirlik zimmasiga yuklatiladi.
Mazkur hujjat oliy ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lash hamda O‘zbekistonning global ta’lim makonidagi nufuzini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Qiziqarli va samimiy ruhda, jonli tarzda o‘tgan matbuot anjumanida media soha vakillari oliy ta’limga oid turli muammolar, dolzarb masalalar bo‘yicha ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
N.Usmonova,
A.Alijonov (suratlar),
O‘zA