Oliy sudda oqlov hukmlari chiqarildi (+video)
Oqlanganlar orasida buyuk yozuvchi Abdulla Qodiriy ham bor
Hayotda inson uchun nohaq ayblanish, aybsiz aybdor bo‘lishdan og‘iri yo‘q. Ayniqsa, nohaqlik ortidan hayotiga nuqta qo‘yilgan odamlarga yanada qiyin. Chunki ular o‘z nomini oqlash uchun kurashishga qodir bo‘lmaydi.
Mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, o‘zlari qatag‘on etilgan, shundan ko‘pchiligi otuvga hukm qilingan ajdodlarimiz taqdiri naqadar ayanchli kechgan.
Kech bo‘lsada ularning nomlarini oqlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar esa tarixiy adolatni tiklashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingani bunga keng yo‘l ochdi.
Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tashkil etildi. Qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangach, ularning nomlarini aniqlash borasida izlanishlar ko‘lami kengaytirilib, mas’ullarga vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan takliflar kiritish belgilangan.
Bundan tashqari, Oliy sudda muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan.
Ishchi guruhning izchil faoliyati tufayli keyingi yillarda Sovet davrida qatag‘on qilingan 856 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi.
Oliy sudga O‘rta Osiyoda va Qozog‘istondagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmalari Uchlik kengashlarining maxsus yig‘ilishi qarorlariga ko‘ra 1930-1931 yillarda hozirgi Surxondaryo, Buxoro, Samarqand va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida bosmachilik harakati a’zolari bo‘la turib, qurolli to‘da tuzib, Sovet hokimiyatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olonlar hamda aksilinqilobiy bosmachilik harakatini amalga oshirganlikda ayblangan 174 nafar shaxsga oid 6 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirildi.
Bugun Oliy sudda bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqildi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raislik qilgan sud majlisida iltimosnomalar qanoatlantirildi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 174 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.
[gallery-14853]
O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926 yil 16 iyundagi hukmi bilan taniqli adibimiz Abdulla Qodiriy O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida (kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq, O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi rayosatining 1926 yil 17 iyundagi qaroriga asosan jazodan ozod etilgan.
Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining bugungi sud majlisida buyuk yozuvchi Abdulla Qodiriyning nabirasi X.Qodiriy tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati ham ko‘rib chiqildi.
Natijada Abdulla Qodiriyga nisbatan chiqarilgan O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926 yil 16 iyundagi hukmi bekor qilinib, uning harakatlarida O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermagani sababli adib oqlandi.
Shu asnoda adolat qaror topti, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8fPheGHLVUI" title="Олий судда оқлов ҳукмлари чиқарилди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video),
Nosir Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari