Oliy sud raisining qabuli tungacha davom etdi
Respublika ishchi guruhi tomonidan Ishtixon tumanida Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari aholisi uchun o‘tkazilayotgan ommaviy sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B.Islomov va sudyalar 513 nafar fuqaroni qabul qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, murojaatlarning 244 tasi jinoyat ishlari bo‘yicha, 196 tasi fuqarolik, 33 tasi iqtisodiy va 40 tasi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga tegishli bo‘ldi. Qabul davomida 112 ta murojaat joyida hal etildi, 292 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. 221 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya va takroran kassatsiya tartibida xal qilish uchun qabul qilindi. Jazodan ozod qilish bo‘yicha kiritilgan taqdimnomalar asosida axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 95 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 13 ta jinoyat ishi bo‘yicha 13 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod etildi, 1 nafar shaxsga oid jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan sud majlislarida tadbirkorlarning 2 milliard 331 million so‘mlik da’vo talablari qanoatlantirildi. 12 soat davom etgan qabulda oxirgi murojaatchigacha eshitildi va ularga o‘z fikrini to‘liq bayon etishiga imkon berildi. Har bir masala atroflicha eshitilib, xulosa berildi. O‘rganish talab etadigan murojaatlar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilandi. Muhimi, odamlarning qabuldan rozi bo‘lib ketishi, ko‘nglida umid uyg‘onishi va adolat borligiga ishonch hosil qilishiga erishildi.
G‘.HASANOV, O‘zA