Oliy sud: iqtisodiy sudlar tomonidan da’vogarlar foydasiga 27,7 trillion so‘m undirildi
2025 yilda iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 690 ming 750 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etilgan. Shundan da’vogarlar foydasiga 27,7 trillion so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
Oliy sud axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, eng ko‘p ishlar Toshkent shahar, Toshkent, Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Investitsiyaviy nizolarga oid 144 ish ko‘rilib, 88 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 73 ming 371 iqtisodiy ish ko‘rib chiqilib, ular foydasiga 10,8 trillion so‘m miqdorida mablag‘lar undirilgan.
Iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mahsulot yetkazib berish, kommunal xizmat ko‘rsatish, to‘lovga qobiliyatsizlikka oid hamda kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar tashkil etgan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 4 ming 140 xususiy ajrim chiqarilib, tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.
Apellyatsiya tartibida 6 ming 305 iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 862 qaror bekor qilinib, 450 sud qarori o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida 3,4 ming iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 658 qaror bekor qilinib, 352 sud qarori o‘zgartirilgan.
Taftish tartibida 2 ming 934 iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 357 qaror bekor qilinib, 96 sud qarori o‘zgartirildi.
Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 648 ish ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 237 qaror bekor qilinib, 50 sud qarori o‘zgartirilgan.
N.Abduraimova,
O‘zA