Oliy liga: jizzaxliklar peshqadam
Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalari o‘rtasida 8-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Jizzax shahrida mamlakatimizning amaldagi chempioni “So‘g‘diyona-W” xotin-qizlari Navoiy shahrining “Qizilqum-W” klubiga qarshi maydonga chiqdi. Maydon egalari uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq ustunlikni hisobda ham isbotladi. Bahsning 18-daqiqasida jizzaxlik Nozima Kamoltoyeva hisobni ochdi – 1:0. Oradan 2 daqiqa o‘tar-o‘tmay, “So‘g‘diyona-W” futbolchisi Shahnoza Qurbonova “Qizilqum-W” jamoasi darvozasiga gol kiritib, o‘rtadagi farqni 2 taga yetkazdi – 2:0. Ana shu hisob bilan jamoalar tanaffusga chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda maydon egalarining bosimi yanada ortdi. Chempionat to‘purari, “So‘g‘diyona-W” hamda milliy terma jamoa hujumchisi Diyora Habibullayeva uchrashuvning 52 va 68-daqiqalarida gol kiritib, o‘rtadagi farqni yanada yiriklashtirdi – 4:0. Uchrashuvga hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+3-daqiqada jizzaxliklar legioneri Natiya Daneliya raqiblar darvozasiga yo‘llangan beshinchi golga muallif bo‘ldi. Navoiy shahrilik qizlar darvozasiga yo‘llangan beshinchi golga muallif bo‘ldi. “So‘g‘diyona-W” – “Qizilqum-W” yakuniy hisob – 5:0.

Bekobodda mahalliy “Metallurg-W” mehmoni bo‘lgan Toshkentning “Bunyodkor-W” qizlari 1:5 hisobida zafar quchdi.
Ushbu turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Neftchi-W” (Farg‘ona) – “Paxtakor-W” (Toshkent) – 0:1, “Lokomotiv-W” (Toshkent) – “Navbahor-W” (Namangan) – 4:0.
Qarshining “Sevinch-W” hamda Olmaliqning AGMK-W klublari o‘rtasidagi 8-tur bahsi boshqa kunga qoldirildi.

Qashqadaryolik qizlarning o‘yin o‘tkazmaganidan unumli foydalangan, Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” klubi turnir jadvalida 22 ochko bilan yagona peshqadamga aylangan bo‘lsa, Toshkentning “Bunyodkor-W” qizlari 21 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 3-pog‘onaga tushib qolgan Qarshining “Sevinch-W” klubi hisobida 19 ochko bor.
Turnir jadvalida so‘ngi pog‘onada borayotgan Namanganning “Navbahor-W” qizlari bor-yo‘g‘i 1 ochko jamg‘argan, xolos.
A.Qayumov, O‘zA