Olis qishloqlarga koʻchma doʻkonlar borayotir
Jizzax viloyatidagi eng olis hududdagi qishloqlarga koʻchma doʻkonlar savdosi tashkil etilayotir.
Jizzax viloyatidagi eng olis hududdagi qishloqlarga koʻchma doʻkonlar savdosi tashkil etilayotir. Koʻchma doʻkonlar orqali aholiga un, yogʻ, guruch, qand kabi eng zarur mahsulotlar va maishiy ashyolar yetkazib berilmoqda.
Forish tumani markazidan 45 kilometr olisdagi Oʻxum qishlogʻidan koronavirus karantini tufayli tuman markaziga kelib ketish oson emas. Tuman hokimligi qishloq doʻkonlari roʻzgʻor uchun zarur mahsulotlarning zaxirasi talabni toʻliq qondirmasligini hisobga olib koʻchma doʻkonlar faoliyatini yoʻlga qoʻygani aholiga qulaylik yaratmoqda.
Aholi ehtiyoji inobatga olinib qishloqqa “Oʻxum Lyuks” masʼuliyati cheklangan jamiyati koʻchma savdo tashkil etildi. Koʻchma savdoda bir kunda 15 tonna un va boshqa birinchi zarur oziq-ovqat mahsulotlari sotildi.
– Karantin tufayli tuman markaziga borib-kelish qiyinlashgan kunlarda odamlarning ogʻirini yengil qilish katta savob, – deydi “Oʻxum” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Gʻayrat Qozoqov. – Uzoqqa bormay, zarur mahsulot va buyumlarni uyining oldida savdo qilishi aholiga katta qulaylik yaratish bilan birga kasallik tarqalishi xavfidan saqlanishda muhim ahamiyatga ega ekanligini hamqishloqlarimiz ham toʻgʻri tushunib, ushbu gʻamhoʻrlikdan minnatdor boʻlmoqda.
Xuddi shunday koʻcha savdolari viloyatning barcha tumanlarida tashkil etilayotir. Jumladan, bugun – 6-aprel kuni ertalab Zomin tumani dehqon bozoridan zarur oziq-ovqat mahsulotlari va xoʻjalik yuklanib, karantin talablariga asosan dezinfiksiyalangan “Damas” va “Labo” avtomashinalari iborat moʻjaz savdo karvoni chekka qishloqlarga joʻnab ketdi. Yana shunday 12 avtodoʻkon Sharof Rashidov tumanidagi chekka qishloqlar aholisiga savdo xizmati koʻrsatdi.
Aholini zarur mahsulot va buyumlar bilan taʼminlab, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan koʻcha doʻkonlar xizmatini yoʻlga qoʻyishda hududiy davlat soliq inspeksiyalarining xizmatini alohida eʼtirof etish zarur. DSI xodimlari avtodoʻkonlarda eng zarur mahsulotlar boʻlishini taʼminlashdan tortib, ularning narxini asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslikni ham nazorat qilmoqda.