Olis qishloq aholisiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumani markazidan 150 kilometr uzoqda, Qozog‘iston Respublikasi chegarasida joylashgan «Qostruba» mahalla fuqarolar yig‘inida 101 ta xonadonda 492 nafar aholi istiqomat qiladi.
Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi tomonidan ushbu hududda yashovchi fuqarolar holidan xabar olinib, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

bugungi kunda mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 23-umumta’lim maktabida 36 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor Perdesh Ismaylova tomonidan tashkil qilingan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 15 nafar bolajon ta’lim-tarbiya olmoqda.
Ushbu hududda yashovchi fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Taxtako‘pir tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan fuqarolarga turar joylarining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda turar-joylarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Jumladan, fuqaro Roza Qoraqulova tuman markazidan olis hududda joylashganligi va borib kelishga imkoniyati yo‘qligi sababli ancha vaqtdan buyon kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda qiynalib yurgan edi. Natijada, ushbu fuqaroning kadastr pasporti shu yerning o‘zida rasmiylashtirib berildi.
Tadbir davomida ushbu hududda joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalarga Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i M.Abdijaliyev tomonidan sovg‘alar topshirildi. Hudud aholisiga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA