Olis hududlarga ham suyultirilgan gaz yetib bormoqda
Xatirchi tumani Navoiy viloyatining aholisi eng ko‘p istiqomat qiluvchi hududi sanaladi. Bu yerda 29 ming 328 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi bo‘lib, ularga qishning qahratoni-yu yozning jaziramasiga qaramay o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlari yetkazib beriladi. Ayni kunlarda ham tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan bu boradagi ishlar davom etmoqda.
– Joriy yilning yanvar oyida tumanimiz iste’molchilariga jami 328,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan, – deydi “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Azim Hamdamov. – Bir kunda 13 ming 540 kilogrammgacha suyultirilgan gaz mahallalar bo‘yicha belgilangan reja-jadval asosida tarqatilyapti. Langar, Angidon, Sangijumon mahallalari tuman markazidan ancha olisda joylashgan bo‘lib, qishda bu hududlarga borishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Ushbu hududlarga maishiy gaz ballon yetkazib beruvchi transportlarimiz texnik soz holatga keltirilgan. Asosiy maqsadimiz suyultirilgan gaz ta’minotida ham uzilish bo‘lmasligi, iste’molchilarga o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarini yetkazib berishga qaratilgan.
Tizim xodimlari tomonidan aholiga suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlari tarqatish davomida ulardan to‘g‘ri foydalanish zarurligi yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
Albatta, kundalik hayotda maishiy gaz ballonlardan xavfsiz foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu esa o‘z navbatida gaz ballonlarning texnik sozligi talab darajasida bo‘lishini taqozo etadi. Bunda iste’molchilarning ham hissasi bo‘lishi lozim. Ya’ni har bir iste’molchi maishiy gaz ballonlardan to‘g‘ri foydalanish qoidalariga rioya etishi kerak.

Jumladan, ikki qavatdan yuqori bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarda, yerto‘lalarda gaz ballon qurilmalaridan foydalanish taqiqlanadi. To‘ldirilgan gaz ballonlarini yashash xonalari, yuvinish xonalari, dahliz, yerto‘la va isitish tarmoqlari oldida saqlash mumkin emas.
Bundan tashqari, nosoz gaz ballonlaridan foydalanish va ularni o‘zboshimchalik bilan qayta o‘rnatish, almashtirish va ta’mirlash, qishki vaqtda ballonlarni issiq suv yoki boshqalar yordamida qizdirish ham xavfsizlik qoidalariga zid. Yaroqsiz holga kelgan va ta’mirtalab gaz ballonlari faqatgina ta’mirlash va sinash sexlaridagina ta’mirlovchi va sinovchi chilangarlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ulardagi aniqlangan nosozlik bo‘yicha ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi hududida maishiy gaz ballonlarni ta’mirlash va sinash sexi mavjud. Sex oyiga 378 dona maishiy gaz ballonni ta’mirlash va sinash quvvatiga ega. O‘tgan 2023 yilda bu yerda jami 9998 ta maishiy gaz ballon ta’mirlangan bo‘lsa, 4476 tasi sinovdan o‘tkazildi.
– Seximizda har kuni ish qizg‘in davom etadi, – deydi sex sinovchi chilangari Ruslan Iskandarov. – Bir kunda 10-15 tagacha gaz ballonni ta’mirlash, sinovdan o‘tkazish ishlarini bajaramiz. Yanvar oyining shu kuniga qadar 350 taga yaqin maishiy gaz ballonni sinovdan o‘tkazdik.

Ta’kidlash o‘rinliki, 2023 yilda viloyat bo‘yicha 32 ming 170 ta maishiy gaz balloni ta’mirlanib, 22 ming 818 ta gaz ballon sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyining o‘tgan davri mobaynida sinovdan o‘tgan gaz ballonlari soni 1706 tani tashkil etmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri