Olis hududlar ichimlik suv bilan ta’minlanmoqda
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholining turmush darajasini oshirish maqsadida jamoatchilik talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan istiqbolli rejalarni hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani mavjud muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, tiriklik manbai hisoblangan obi hayot ne’matining ro‘zg‘orimizdagi nechog‘li ahamiyatini e’tiborga olgan holda toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida Namangan viloyatida so‘nggi yillarda amaliy ishlar qilinmoqda.
Binobarin, Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, shu jumladan, suv resurslarini tejash borasida qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

“Namangan suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati joriy yilda barcha manbalar hisobidan 744,8 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish va 17 dona inshoot qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlariga 470 017,8 million so‘m ajratilishi rejalashtirilib, amalda hozirga qadar 487,6 kilometr tarmoq tortilib, 11 ta quduq qazildi va oltita rezervuar qurildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 43718 million so‘mga 76,9 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, uchta inshoot barpo etiladi. Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida 18 mahallada 13 801,2 million so‘m evaziga rejadagi 69,1 kilometr tarmoqning 66,1 kilometri tortildi.


Umuman, istiqbolli loyihalar qatorida, xalqaro moliya institutlari bilan birga qiymati 184 million dollarga teng uchta loyiha ham amalga oshirilmoqda. Masalan, “OPEK” xalqaro tashkiloti jamg‘armasi ishtirokidagi “Zarkent, Xodikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv ta’minotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 54 million dollar hisobiga oltita suv taqsimlash inshooti, umumiy quvvati 43 200 m3/sutka bo‘lgan 12 ta suv qudug‘i hamda 507,4 kilometr tarmoq qurilib, rekonstruksiya qilinadi.
Shuningdek, Yevropa rekonstruksiya va ta’mirlash banki tomonidan “Namangan viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasiga ajratilgan 60 million dollar hisobiga quvvati 100 ming m3/sutka bo‘lgan bir dona suv taqsimlash va quvvati 4200 m3/sutka bo‘lgan bitta oqova suv tozalash inshooti hamda 41 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinadi.


Bunday amaliy loyihalar ijrosi o‘laroq, joriy yilda Namangan viloyatida ichimlik suvi ta’minlash ko‘rsatkichi 82,7 foizdan 84,9 foizga yetkaziladi.
Darhaqiqat, inson manfaatlari uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotdagi amaliy ifodasini viloyatning olis va chekka hududlardagi qishloqlar aholisi birdek his qilmoqda.
– Mahallamizda bosqichma-bosqichlilik tamoyili asosida 2022 yilda dasturga kiritilgan 2,5 kilometr masofali ichimlik suv tarmog‘ini yangilash ishlari boshlandi, – deydi Namangan shahridagi “Dambog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akramjon Ortiqov. – Diametri 315 millimetrli ushbu tarmoq mahallamizdagi 716 xonadonga suv yetkazib beradi. Eski quvurlarni yangisiga almashtirishga ehtiyoj katta edi. Qo‘shni Taraqqiyot mahalladagilarni ham qo‘shib hisoblaganda, salkam 12 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Tanlangan hududlar va toifalangan mahallalardagi, chekka-chekka qishloq, ovullarda jadallik bilan davom etayotgan infratuzilmaviy o‘zgarishlar eng avvalo, Yangi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan fuqarolarning ertaga emas, bugun hayotidan rozi bo‘lib yashashi, sifatli turmush kechirishini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.