Olimpiyachilarimiz gʻalaba bilan boshladi
Xabaringiz bor, shu kunlarda poytaxtimizda 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida Osiyo chempionati saralash bahslari boʻlib oʻtmoqda
Xabaringiz bor, shu kunlarda poytaxtimizda 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida Osiyo chempionati saralash bahslari boʻlib oʻtmoqda. Mazkur oʻyinlarda Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi “F” guruhida Hindiston va Tojikiston terma jamoalari bilan kuch sinashayapti.
Bugun “Paxtakor” stadionida Lyubinko Drulovich boshchiligidagi Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Hindistonga qarshi maydonga tushdi. Oʻyinning birinchi boʻlimi 45-daqiqasida hamyurtimiz Islomjon Qobilov 11 metrlik jarima toʻpini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va termamizni 1:0 hisobida oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi boʻlimda vakillarimiz oʻyin tizginini butkul qoʻlga oldi. 78-daqiqada Bobir Abdiholiqov yaratilgan vaziyatdan unumli foydalanib, darvozani aniq nishonga olgan boʻlsa, oradan 5 daqiqa oʻtib Bobir oʻzining ikkinchi, olimpiyachilarimizning esa uchinchi goliga mualliflik qildi. Shu tariqa Oʻzbekiston va Hindiston olimpiya terma jamoalari bahsi 3:0 hisobida yakunlandi.
Eslatib oʻtamiz, guruhdagi navbatdagi oʻyin 24 mart kuni soat 17:00da Tojikiston – Hindiston terma jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtadi. Terma jamoamiz oʻzining ikkinchi oʻyinini 26 mart kuni soat 17:00da Tojikiston olimpiya terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi.

