Olimpiadaga tayyorgarlik qizg‘in
Joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan sport tashkilotlari rahbarlari, terma jamoalar bosh murabbiylari va shifokorlar uchun joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari S.Saydaliyev, milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F.Turdiyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida olimpiya harakatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, sportchilarimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.
Sportchilarning tibbiy bilimini, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad ham sportchilar, murabbiylar va shifokorlarning tibbiyotdagi yangiliklardan xabardorligini oshirishdir.
Mamlakatimizda sportchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirish bilan bir qatorda ularni halollik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, o‘z kuchi va salohiyatiga ishongan holda maqsad sari intilish kabi yuksak ma’naviy me’yorlar asosida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotir.
– Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori asosida sportchilarimiz nufuzli musobaqaga puxta hozirlik ko‘rishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov. – Sportchilarimizni Olimpiada musobaqalarida munosib qatnashishi uchun jismonan va ruhan tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Seminarda sportchilar, ayniqsa, murabbiy va tibbiyot xodimlarining kasb malakasini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.