Olimpiada musobaqalarini ko‘zlab
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasida mamlakat chempionati yakunlandi. Unda to‘rt yuz nafardan ziyod sportchi o‘zaro bellashdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 25-fevraldagi O‘zbekiston sportchilarini 2016-yil Rio-de-Janeyro (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarorida iste’dodli sportchilarni tanlash va mahoratini oshirishga doir muhim vazifalar belgilab berilgan. Ushbu chempionat ham dzyudo bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi zaxirasini boyitish maqsadida tashkil etildi.
Erkaklar o‘rtasida eng qiziqarli bellashuv 90 kilogrammgacha bo‘lgan vazndagi sportchilar o‘rtasida kechdi. Musobaqa finalida qator xalqaro turnirlar sovrindori Yahyo Imomov (Surxondaryo) hamda Davronbek Sattorov (Toshkent shahri) gilamga chiqdi. Keskin kurashlar ruhida kechgan bellashuvda raqibidan ustun kelgan Yahyo polvon oltin medal bilan taqdirlandi.
Poytaxtlik Bahrom Inoyatov, Hamidjon Mo‘minov, Faxriddin Sharipov, buxorolik G‘iyosjon Boboyev, surxondaryolik Abdulla Tangriyev, Baxtiyor Mengliyev va Toshkent viloyatidan Shuhratjon Arslonov ham o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egalladi.
Xotin-qizlar o‘rtasida Toshkent shahri sharafini himoya qilgan Shohida Nazarova, samarqandlik Nodira Gulova, surxondaryolik Dildora Ubaydullayeva, xorazmlik Rahima Yo‘ldosheva, Tursunposhsha Nurmatova, Gulnoza Matniyozova, Kumush Yo‘ldosheva hamda qoraqalpog‘istonlik Sanam Erkinboyeva o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Chempionat g‘olib va sovrindorlari endi xalqaro musobaqalarda 2016-yilgi Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.