Olimlarimiz urug‘liklarni dorilashda yangi usulni qo‘llamoqda
Ma’lumki, yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasida ekinlarning yuqori avlodli urug‘larini yetishtirish, urug‘chilik sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, sifatli urug‘liklarni yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga qarashli "Uchqo'rg'on best seeds" urug‘lik tayyorlash korxonasida urug‘lik bug‘doyni ekishdan oldin Aspirin (atsetilsalitsil kislota) bilan ishlov berish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda.
Mazkur usul urug‘larning unuvchanligi, o‘simlikning stress omillariga chidamliligi hamda rivojlanish jarayoniga ijobiy ta’sirini o‘rganishga qaratilgan. Tajriba natijalari ilmiy tahlillar asosida baholanadi.

Jumladan, mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, kimyoviy preparatlar (fungitsid va insektitsidlar) bilan birgalikda aspirin qo‘llash urug‘larning himoyasini kuchaytirish bilan birga, nihollarning stress omillariga chidamliligini oshirishga ham xizmat qiladi. Kimyoviy preparatlar urug‘ni kasallik va zararkunandalardan himoya qilsa, aspirin o‘simlik immunitetini faollashtirib, sovuq, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish kabi noqulay sharoitlarga moslashuvchanligini yaxshilaydi.
Mazkur usulning afzalliklari orasida urug‘ning unib chiqish energiyasi va ildiz tizimi rivojlanishini yaxshilashi, fitotoksik ta’sirni kamaytirishi hamda keyinchalik boshoq uzunligi, don soni va massasining ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA