Olima, oqila va zukko qizlar bellashdi
O‘zMTDP Navoiy viloyati Kengashi, viloyat Adliya boshqarmasi, Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida talaba qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida “XXI asr ayoli” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar muhtarama opa-singillarimizning mazkur islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishiga turtki bo‘lmoqda. Ularning ushbu jarayonlarda erkaklar bilan birgalikda muvaffaqiyatlarga erishib kelayotganini alohida e’tirof etish zarur.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan ham partiya Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, milliy-ma’naviy tiklanish va yuksalish, milliy g‘oyamiz tamoyilining ustuvorligini ta’minlash, jamiyatimizning axloqiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash maqsadida bir qancha partiyaviy loyihalar va ko‘rik-tanlovlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

“XXI asr ayoli” Respublika ko‘rik-tanlovi ham ana shunday loyihalardan biridir.
Ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi ochilish marosimida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish borasida yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z bordi.

Tanlov nizomiga asosan, ishtirokchilarning o‘zbek tilidagi savodxonligi, alla aytish mahorati va partiya Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni o‘zida mujassamlashtirgan ijtimoiy loyiha yuzasidan bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Umeda Raxmonova 1-o‘rinni, Gulhayo Ravshanova 2-o‘rinni, Raxshona Muslixiddinova esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Barcha g‘olib va sovrindorlar O‘zMTDP Navoiy viloyati Kengashining “Diplom” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, faol qizlar partiya a’zoligiga qabul qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA