Olamni mehrga to‘ldirgan ayol
Angren shahridagi “Afsona” tantanalar majmuasida “Olmalik KMK” AJ tomonidan o‘tkazilgan “Olamni mehrga to‘ldirgan ayol” deb nomlangan tadbirda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Tadbirda Angren kon boshqarmasi, Angren quvur zavodi, “Shaxtaqurilish” boshqarmasida mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda kombinat tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiya raislari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston qahramoni, mehnat faxriysi Saydali Rahmanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyev, Mahalla va oila ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati ekspert a’zosi Oynisa Musurmonova va OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov ayollarni bayram bilan qutladi.
Bu olam mehriga eng loyiq kishi kim deya gohida savol bo‘ladi, Jannat onalarning poyida bo‘lsa, dunyoning azizi ayol bo‘ladi, deya O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Mirzo Karim o‘z ijodiga mansub bo‘lgan misralar bilan aziz va mo‘’tabar ayollarimizni madh etib, samimiy muborakbod etdi. Bir dasturxon atrofida tashkil etilgan tadbirda “Shans” badiiy raqs ansambli raqqossalari ijrosidagi joizibali raqslar, “Ideal shou” guruhi ijodkorlarining ajoyib taronalari barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir davomida kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi bosh psixologi Viloyat Davletova so‘z olib, ayolning jamiyatda tutgan o‘rni, oiladagi vazifasi haqida to‘xtalar ekan, har bir ayolning o‘ziga yarasha yuki, xizmati va ma’suliyati borligini ta’kidladi. Zamonaviy ayol bo‘lish uchun shaxsiy “men” ni rivojlantirish dolzarb masala ekanligini ma’lum qildi. Ishchi-xodimlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi olqishlarga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarga esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.
OKMK Axborot xizmati, O‘zA