Olam ahlini hayratga solgan zot
9 fevral kuni buyuk shoir, mutafakkirlar mutafakkiri, atoqli davlat va jamoat arbobi Mir Alisher Navoiy hazratlarining tavalludiga 580 yil to‘ldi.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida ushbu shonli sana munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-marifiy tadbir “Olam ahlini hayratga solgan zot” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
Shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, tuman sektorlari rahbarlari, faollar va talaba-yoshlar tadbir avvalida Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Tuman madaniyat markazida tashkil etilgan adabiy kechada bundan olti asr muqaddam bitilgan Navoiy asarlari bugungi kunda ham nechog‘li dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
Taniqli ijodkorlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va yoshlar ulug‘ shoir g‘azallaridan parchalar o‘qigani tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Tadbirda Navoiy shaxsi, bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida ham alohida o‘rin tutishi haqida so‘z yuritildi. Buyuk mutafakkirning ibratli hayoti va ijodi, asarlarida ilgari surilgan yuksak ezgu g‘oyalar aks etgan ko‘rgazmalar namoyish etildi.

Tuman madaniyat bo‘limi, “Chortoq tongi” ashula va raqs ansambli, “Asl navo” ansambli, 14-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, o‘qilgan g‘azal va ruboiylar, ijro etilgan qo‘shiqlar yoshlarning ma’naviy olamini boyitib, olam-olam taassurotlar uyg‘otdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA