Okrug saylov komissiyasi ish boshladi
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2023 yil 9 iyul kuni muddatidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasi a’zoligiga nomzodlar tavsiya etilgan. Unda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda yetarli ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor topgan fuqarolar orasidan 21 nafar a’zo va ular orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi ma’qullangan edi.


Yig‘ilishda komissiya a’zolari kun tartibidagi tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqdi. Unda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha ish rejasi tasdiqlandi. Komissiya a’zolarining vazifalari taqsimlanib, 22 ta tuman-shaharga biriktirildi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida komissiyasi a’zolarining navbatchilik jadvali belgilandi. Bundan tashqari, okrug komissiyasi a’zolarining vazifalar taqsimoti, okrug komissiyasi ayrim a’zolarini saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davrida xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish kabi masalalar muhokama etildi.
A.MUSAEV, O‘zA.