OKMK: texnogen chiqindilardan ilk mahsulot olindi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yillar davomida to‘plangan texnogen chiqindilarni qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chiqindilarni qayta ishlashga jalb etish o‘z samarasi bermoqda.
Samarqand viloyatidagi “Ingichka” koni joriy yilda “Olmaliq KMK” AJ tasarrufiga o‘tkazildi. “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash va volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Ingichka” konidan ilk volfram mahsuloti olindi.

Ma’lumot uchun volfram – nodir metallar sirasiga kiradi va qattiq qotishmalar uchun asos hisoblanadi. Volframdan po‘latlarni legirlashda, yeyilishga chidamli va issiqbardosh qattiq qotishmalar olishda foydalaniladi. Shuningdek, aviatsiya, kosmonavtika va elektrotexnikada keng qo‘llaniladi. Zichligi yuqori bo‘lganligi uchun undan zirhlar ham tayyorlanadi. Hozirgi kunda jahon bozorida 1 kilo volframning narxi – 40 AQSH dollarini tashkil etadi. “Ingichka” konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash evaziga yiliga 100 tonna volfram olinadi. E’tiborlisi bu loyiha 150 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA