OKMK temiryo‘lchilari kasb bayramlarini nishonladi
Ma’lumki, avgust oyining birinchi yakshanbasi yurtimizda temir yo‘l transporti sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan OKMK Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi mehnat jamoasi uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov kombinat temiryo‘lchilarini kasb bayramlari bilan qutlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. Mehnat jamoasi kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjirida muhim ahamiyat kasb etishini, investitsiya loyihalarida ham faol ishtirok etayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Sana munosabati bilan ko‘p yillar davomida korxonada samarali mehnat qilib kelayotgan 3-sonli temiryo‘l sexi uchastka ustasi Ulug‘bek Qosimov ikkinchi darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan, Bosh energetik Dilmurod Rajabov hamda Noruda qurilish materiallari karyeri boshlig‘i Bahrom Abduqahharov uchinchi darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 4 nafar ishchi-xodimlarga Faxriy Yorliq hamda 15 nafar temiryo‘lchilarga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Korxonada mehnat qilib kelayotgan yosh mutaxassislar tomonidan energiya tejamkor va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha ratsionalizatorlik takliflari tanlovda e’tirof etilib, ularning 17 tasi maxsus komissiya tasdig‘idan o‘tib, ishlab chiqarishga joriy etilgan. Shundan 11 tasi bo‘yicha hozirgi kunga kelib 4,34 mlrd so‘m iqtisodiy samaraga erishilgan.

Tadbirda ratsionalizatorlik takliflari bilan tanlovda ishtirok etgan bir guruh mutaxassislarga ham pul mukofotlari tuhfa etildi. To‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lgan temiryo‘lchilarga “Metallurg” MS ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi manzur bo‘ldi. Ayniqsa, taniqli estrada xonandasi Umar Shamsiyevning dilrabo taronalari barchani raqsga chorladi.


Mazkur korxona joriy yilning birinchi yarmida barcha ishlab chiqarish vazifalarini yorug‘ yuz bajarishdi. Xususan, tog‘ jinslarini tashish rejasi 102,5 foizga, yer ustki qatlamlari tashish rejasi 105,1 foizga bajarildi. Jami tashishlar hajmi 101,2 foizni tashkil etdi. 2,7 kilometr yangi temir yo‘l qurilib, 6,7 kilometr temir yo‘llar kapital ta’mirlandi. 6,3 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, reja 126 foizga ado etildi.
A. Musayev, O‘zA.