OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham beriladi
Joriy yil 20 yanvarda davlatimiz rahbarining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda aholi orasida OIV infeksiyasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovini oshirish, bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori vositalari bilan to‘liq ta’minlash maqsadi mujassam.
Qarorga asosan 2027 yilda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o‘z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichi 95 foizga yetkazilishi ta’minlanadi. OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham beriladi.
Shuningdek, nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali FHDYO organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlik tashkil qilinadi.
2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratiladi.
O‘zA