Oilaviy tadbirkorlik rivojlanmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar jarayonida tadbirkorlik, ayniqsa, oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar jarayonida tadbirkorlik, ayniqsa, oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tarmoqlar yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalarning barqaror daromad manbaini shakllantirish, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat ijrosi doirasida shu yilning o‘tgan davrida Xorazm viloyatida uch yuzdan ziyod oilaviy korxona tashkil etildi.
Xonqa tumanida yuzdan ortiq oila o‘z oilaviy biznesini yo‘lga qo‘ygan. Novvoylik, sartaroshlik, duradgorlik, kulolchilik, kosiblik, yog‘och o‘ymakorligi, tikuvchilik, zardo‘zlik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan oilaviy tadbirkorlik sub’ektlarining safi yildan-yilga kengaymoqda. Fuqarolar yig‘inlari qoshida tashkil etilgan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi maslahat markazlari bu sohada shug‘ullanish istagini bildirganlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatayotir.
Tadbirkor Muhabbat Safoyeva 2012-yilda tijorat bankining 10 million so‘mlik imtiyozli krediti evaziga 4 qoramol va bir quti asalari boqishni yo‘lga qo‘ygan edi. Bugungi kunda qoramollar soni o‘ntaga, asalarilar to‘rt qutiga ko‘paydi. Tomorqada yetishtirilayotgan turli meva-sabzavot mahsulotlari bozorda sotilmoqda.
Manzura Polvonova rahbarlik qilayotgan yana bir oilaviy korxona kiyim-kechaklari zamonaviyligi va yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
– Mahsulotlarimiz sifati xorijnikidan aslo qolishmaydi, – deydi M.Polvonova. – Asosiy buyurtmachilarimiz savdo markazlari va do‘konlardir. Kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish evaziga yangi ish o‘rinlari yaratish va mahsulotni xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Mamlakatimizda yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan Asror Jabborov alyumin profillaridan zamonaviy eshik va romlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan yili “Qishloq qurilish bank”dan olingan 25 million so‘m kredit mablag‘i evaziga oziq-ovqat do‘konini ham ochdi.
Muxtasar aytganda, bu kabi oilaviy korxonalar sonining ko‘payib borishi aholi bandligini ta’minlash va oilalar farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.