Oila mustahkamligi – jamiyat barqarorligi garovi
Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, oila institutini mustahkamlash va aholi farovonligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida ham inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, sog‘lom va barqaror jamiyat qurish maqsadi turibdi. Bu jarayonda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarni asrash va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Oilaviy ajrimlar uchun davlat bojini oshirish: ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jihatlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zMTDP Navoiy viloyati Kengashi raisi To‘lqin Ahmedov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi Dilyora Aminova, viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i Dildora Kattayeva va boshqalar oilaviy ajrimlarning oldini olish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda oilani jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida mustahkamlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki har bir mustahkam oila barqaror jamiyat poydevoridir. Ajrimlar esa nafaqat er-xotin munosabatlariga, balki farzandlar tarbiyasi, ma’naviy muhit va jamiyat barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
– Mazkur tashabbus “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan hamohangdir, – deydi partiya viloyat Kengashi raisi T.Ahmedov. – Partiya dasturida milliy qadriyatlarni asrash, oila institutini mustahkamlash, yoshlarda mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish, ma’naviy tarbiya va oilaviy munosabatlar madaniyatini yuksaltirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Ochiq muloqot davomida mutaxassislar ajrimlarni kamaytirishda huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, yosh oilalarga psixologik va ijtimoiy ko‘mak berish, mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

– Sudlarda ajrimlar bilan bog‘liq jarayonlarda turli holatlarning guvohi bo‘lamiz, – deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi Dilyora Aminova. – Ortiqcha vaqtning ko‘pligi, er yoki xotinning oilaga emas, ko‘proq virtual hayotga bog‘lanib qolganligi, vaqtida turmush o‘rtog‘i bilan gaplashmaslik, bolalarning tarbiyasiga, o‘qishiga vaqt ajratmaslik, ya’ni ishdan charchab kelib, birdaniga telefonni olib, ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ib ketish, asosiy masala – oilasiga e’tibor bermaslik holatlari hozirgi kunda dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Nikohni bekor qilish holatlarida bizlar nafaqat sudya sifatida, balki ona hamda turmush o‘rtoq sifatida nazar tashlaymiz va qaror chiqarishga harakat qilamiz. Kezi kelganda ularga huquqiy hamda diniy tomondan ham maslahat beramiz. Ya’ni nikohdan ajratishni emas, ularni yarashtirish choralarini ko‘ramiz. Bu esa har bitta oila bilan alohida shug‘ullanishimizga, hattoki sud majlislaridan tashqari ham o‘sha oilani chaqirib, ular bilan alohida-alohida suhbatlar olib borishga, ularning ota-onalarini, qaynota-qaynonalarini ham jalb qilgan holda ularni bu botqoqlikdan olib chiqish choralarini ko‘ramiz.
Tadbir ishtirokchilari partiyaning mazkur tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan bunday muloqotlarni muntazam o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

Tadbir yakunida oilaviy ajrimlarning oldini olish, mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish hamda partiya tashabbuslarini targ‘ib qilishda faol ishtirok etib kelayotgan mahallalar faollariga partiyaning tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri