Ohangaronda tug‘ruq kompleksi ish boshladi
Toshkent viloyati Ohangaron tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli Tug‘ruq kompleksi foydalanishga topshirildi. Mazkur kompleksda 25 o‘rinli tug‘ruq, 15 o‘rinli ginekologiya va 15 o‘rinli homiladorlar patologiyasi bo‘limlari mavjud.
Ob’ektni zarur tibbiy asbob-anjomlar bilan ta’minlash davom ettirilmoqda. Shu kunlarda neonatal stol, neonatal o‘pkani sun’iy shamollatish apparati, katta va kichik xirurgik to‘plam va boshqa uskunalarni keltirish rejalashtirilgan.


Shifoxonaga oliy toifali, malakali tibbiyot xodimlari jalb qilingan. Tahlillarga ko‘ra, tumanda o‘tgan yili 2 ming 335 nafar ayol farzandli bo‘lgan. Ularga shu paytgacha Angren, Olmaliq shahri va Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasi qoshidagi tug‘ruqxonalar xizmat ko‘rsatgan. Yangi tibbiyot muassasasining ishga tushirilishi aholiga yanada qulaylik yaratdi.
A.Musayev, O‘zA