Ohangaronda "San’atkorlar bog‘i" bunyod etildi
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida "San’atkorlar bog‘i" barpo etildi.
Mazkur savobli yumush Prezidentimizning "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Ohangaron shahrining adirlarga, kengliklarga tutash bo‘lgan uch gektarli hududi san’atkorlarning ko‘chat ekib, bog‘ yaratishi uchun maxsus ajratildi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi asosidagi "Yashil makon" loyihasi mamlakat bo‘ylab keng quloch yoydi, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva. – Bunday savobli loyihada qatnashayotganimizdan mamnunmiz.
– Ko‘chat ekish savobli yumush, – dedi O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori, opera yulduzi Ramiz Usmonov. – Lekin shu bilan birga kelgusida ekkan ko‘chatlarimizdan boxabar bo‘lish, ularni doimiy parvarishlab borish ham katta mas’uliyat talab etadi.
– Xalqimiz san’at uchun, san’atkor uchun jonini fido etadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri bosh direktori Aleksandr Bekjonov. – Biz bog‘ yaratish asnosida xalqimizning san’atkorlarga bo‘lgan cheksiz mehri, e’tibori va hurmatini his etdik.
– Bog‘ yaratishdek loyihaga har bir san’atkor hissa qo‘shayotganidan mamnunmiz, – dedi O‘zbekiston xalq artisti, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandasi Furqat Ashuraliyev. – Kelgusida bu yerlar gurkiragan bog‘larga aylanishiga umid bildiramiz.
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish ajoyib kuy-qo‘shiqlar, maqom, opera, milliy ashulalar ijrochiligiga ulanib ketdi. Tadbir davomida yaxshi niyatlar bilan yuzlab ko‘chatlar o‘tqazildi.

San’at ustalari va ijrochi-yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Shunday qilib, Ohangarondagi Nurobod qo‘rg‘oni “Yoshlar markazi” binosi oldida elimiz ardog‘ida bo‘lgan 120 nafardan ortiq san’atkor, xonanda va aktyorlar ishtirokida katta tadbir chinakam san’at, nafosat, maftunkor tabiat bayramiga aylanib ketdi.


Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri