Ohangaronda mikroprotsessor va SIM karta ishlab chiqariladi
Prezidentimizning 2022 yil 28 iyundagi “Mis va noyob metallar xom ashyosini qayta ishlashning texnologik zanjirlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Ohangaron tumanida mis va noyob metallarni qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan “Ohangaron Tech Industrial” texnoparki tashkil etilmoqda.
Asosiy maqsad esa hududda mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, ularga bog‘liq bo‘lgan sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarishni kengaytirishdir. Texnopark barpo etilishi natijasida dastlabki bosqichda umumiy qiymati 191,3 million dollar bo‘lgan 10 ta loyiha amalga oshirilib, 1870 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Texnopark hududida hozirgi kunda ikkita korxona qurilish ishlari boshlangan. Xususan, “Ahangaran Copper Foil” MCHJ ning loyiha qiymati 50 million dollarga teng bo‘lib, 4 bosqichdan iborat. Korxona o‘z ish faoliyatini boshlashi natijasida 350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 1-bosqichda dunyo brendlariga kirgan Sneider kompaniyasi bilan hamkorlikda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichlariga kelib esa davlatimizda birinchilardan bo‘lib, mis folgasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda korxona tomonidan Germaniya, Koreya va Xitoy kabi davlatlardan zamonaviy uskunalar olib kelinmoqda. Bundan tashqari, “Vades Group” korxonasi ham identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, mobil qurilma SIM kartasi, transport, ijtimoiy va xalqaro valyuta to‘lovi kartalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
Loyihaning umumiy qiymati 5 million dollar bo‘lib, uni amalga oshirish natijasida 95 nafar aholi yangi ish o‘rni bilan ta’minlanadi. Hozirgi kunda mazkur korxonaga Koreya va Xitoy davlatlaridan “Kodak”, “Genius” va “Colamark” brendi ostidagi uskunalar sotib olinmoqda. Qarorga ko‘ra, texnopark hududida ekologiya va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob beradigan, energiya samarador hamda “yashil” texnologiyalarni qo‘llash asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan edi. Shu asosida dastlabki sa’y-harakatlar boshlangan.
A.Musayev, O‘zA