O‘g‘rilab ketilgan noyob Qur’on qo‘lyozmasi topildi
Namangan viloyatining Chortoq tumani Baliqliko‘l mahallasidagi "Sulton Uvays Qaraniy" ziyoratgohidan shu yil 10 avgustga o‘tar kechasi o‘g‘rilab ketilgan Qur’oni Karim kitobining qo‘lyozma nusxasi topildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida mazkur jinoyatga qo‘l urgan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Muqaddas qo‘lyozmani o‘g‘rilaganlar Chortoq tumani hamda Namangan shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar ekani aniqlandi.

Qur’oni karim qo‘lyozmasi viloyat markazidagi Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan birida saqlab kelingan. Ma’lum bo‘lishicha, tarixiy kitobga hech qanday zarar yetmagan.
Gumonlanuvchilar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, qamoqqa olingan. Ayni vaqtda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, yurtimizdagi eng tabarruk qadamjolardan biridan o‘g‘rilangan Mushafning qo‘lyozma nusxasi hajmi jihatdan O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi Qur’oni Usmoniydan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. Nodir qo‘lyozmaning bo‘yi 74, eni 51, qalinligi 12 santimetrni, og‘irligi esa 21,5 kilogrammni tashkil etadi. Sakkiz asrlik tarixga borib taqaladigan, viloyat “Oltin meros” jamg‘armasi va Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti kutubxonasida saqlangan ushbu kitob bundan to‘rt yil avval “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohining osori atiqalar muzeyidan joy olgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA