Og‘itmaliklar qishning “sovuq o‘ylaridan” qutulgan
Buxoro viloyati «Og‘itma» ovuli G‘ijduvon tumani «Ko‘kcha» mahallasiga qarashli cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, mazkur aholi punkti viloyat markazidan 220 km, G‘ijduvon tumanidan esa 160 km uzoqlikda joylashgan eng olis, cho‘l hududlaridan biri hisoblanadi. Aholining asosiy tirikchiligi chorvachilik, baliqchilikdan iborat.
Buxoroda olis, cho‘l hududida joylashgan manzillar juda ko‘p. Aynan Og‘itma, Cho‘lobod, Ko‘klam, Kanay qishloqlarini o‘z ichiga olgan «Og‘itma» ovulini ham shunday manzillar qatoriga kiritsa bo‘ladi. Ushbu hududda 77 ta xonadon bo‘lib, fuqarolari kundalik hayotida maishiy gaz ballonlaridan foydalanib keladi.

– Gaz ballonlarimiz vaqtida yetkaziladi, – deydi 70 yoshli otaxon Karim Muzanov. – Shuncha uzoq bo‘lishiga qaramay xodimlar mehnatini ayamaydi. Muomalali, muhimi, gaz ballonlarimizni o‘zlari o‘rnatib ham beradi.
Ovul aholisiga har oy davomida belgilangan reja-grafik asosida gaz ballonlari «G‘ijduvontumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan yetkazib beriladi. Ob-havoning injiqliklari hamda masofalarning uzoqligiga qaramay xodimlar o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashadi. Tunning yarmida «Vobkent» gaz to‘ldirish shoxobchasi orqali to‘ldirilgan 103 dona maishiy gaz ballonlari yuklangan yo‘l tanlamas, maxsus KAMAZ avtotransporti yo‘lga chiqar ekan, kun davomida barchasi o‘z egalariga tarqatiladi. Ushbu texnikalar yordamida qo‘shimcha aylanma maishiy gaz ballonlari yig‘ib olinib, shu zahotiyoq gaz to‘ldirilgan boshqa gaz ballonlari berib kelinmoqda.
Borish qiyin bo‘lgan hududning qishloqlari bir-biridan uzoq masofada joylashganligiga qaramay, iste’molchilar o‘z vaqtida gaz ballonlarini olmoqda. Ayniqsa, maxsus kartalar orqali to‘lovni amalga oshirib, ta’minotdagi bugungi imkoniyatdan samarali foydalanayotir.
– Soha vakillarining mehnat faoliyatiga qoyil qolaman, – deydi ovul faxriylaridan biri Abdumalik ota Bazarbayev. – Shuncha yo‘l bosib bizning issig‘imizdan xabardor. Ovulimiz doimo e’tiborlarida, baraka topishsin.
Qish qahratonlarida olis hududda yashovchi og‘itmaliklarning uyini isitish, ovqat pishirish, choy qaynatish kabi shart-sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq muammolar o‘ylantirar edi. Hozir bu muammolarga yechim topilgan. Mana necha yildirki, chorasizlik og‘itmaliklarni ham tark etgan, qishning “sovuq o‘ylaridan” qutulgan.
Zarif Komilov, O‘zA