Ogahiy tavalludiga 212 yil to‘ldi
Buyuk tafakkur egasi, ulkan shoir, hassos tarixchi, zabardast tarjimon, davlat arbobi Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludiga 212 yil to‘ldi.
Adib, ijodining betakror olami, tarixiy va tarjima asarlari hozirgacha o‘zbek o‘quvchilarining sevimli asarlari qatorida turadi. bugungi kunda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida buyuk mutafakkir merosini tadqiq etuvchi bilim kishilarining boshini bir yerga jamlagan «Xalqaro ogahiyshunoslar kengashi» faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, universitetda talabalar uchun «Ogahiy stipendiyasi» ta’sis etilgan. Universitet miqyosida 4 nafar talaba «Ogahiy»nomidagi stipendiya sovrindoridir.

Bulardan tashqari universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan adiblar xiyobonida Ogahiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan turkum tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ulug‘ mutafakkir, serqirra ijodkor Muhammad Rizo Ogahiy merosini o‘rganishga bag‘ishlab «Ogahiy hayoti va ijodi - yoshlar tarbiyasi uchun namuna» nomli an’anaviy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda TDSHU rektori G. Rixsiyeva, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, turkiyalik olim Faridun Tekin va boshqa olimlar so‘zga chiqdilar.
Anjuman so‘ngida «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida suratga olingan «Ogahiy» hujjatli filmi namoyish etildi.
Nodira Usmanova,
Toshkent davlat sharqshunoslik talabasi