Ofatning oqibati bilan kurashish emas, uning oldini olish muhimdir
13 oktyabr – Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni munosabati bilan Jizzax viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ko‘rgazmali seminarlar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda tabiiy ofatlarga qarshi kurashishda hushyorlik va faol fuqarolik pozitsiyasining o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

Tabiiy ofatlar – yerdagi o‘zgarishlar va tabiiy jarayonlar tufayli yuzaga keladigan, inson hayoti va faoliyatiga jiddiy tahdid soluvchi holatlardir. Har qanday favqulodda yuz bergan vaziyatda inson omilining roli hal qiluvchi bo‘lib, befarqlik ko‘p hollarda og‘ir yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Tadbir davomida ana shu voqelik yoshlarga amaliy misollar orqali tushuntirildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlar oqibatini bartaraf etish emas, uning oldini olish ustuvor ekanligi ta’kidlandi. Bu yo‘lda bilim va hushyorlik har qanday texnika yoki moddiy resursdan ham samaraliroq bo‘lishi mumkinligi qayd etildi. Tadbirlar yoshlarning mazkur masalaga bo‘lgan yondashuvini faollashtirish, ularni jamiyatda mas’ul shaxslar sifatida shakllantirishga qaratilganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA