Odil sudlovni taʼminlashning institutsional asoslari
Аpellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlari Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqiladigan boʻlayapti.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri - bu sud hokimiyatining amalda mustaqilligini taʼminlashga erishish va odil sudlovni samarali taʼminlashdan iborat. Sud-huquq tizimini isloh qilish demokratik islohotlarni amalga oshirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, huquqiy tizimni izchil demokratlashtirish va qonunchilikni liberallashtirishni koʻzda tutadi.
Prezident Sh.Mirziyoyev turli darajadagi anjumanlarda sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qoʻli yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik, shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim oʻtkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligini takror va takror qayd etib keladi.
Ayni vaqtda sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi va boshqa qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Amaliyot sudlarni qatʼiy ixtisoslashtirish va ortiqcha byurokratik harakatlarni qisqartirish hamda sudlarni optimallashtirish orqali ishlarni tezkorlik bilan koʻrib chiqadigan, bir-birini takrorlamaydigan va barcha boʻgʻin sudlari bir xilda faoliyat yuritadigan tizimni shakllantirish zarurati mavjudligini koʻrsatdi. Bundan tashqari odil sudlovga oid qonunchilikni takomillashtirish, sud hokimiyatini toʻliq amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish, odamlarni sudga ishonchini yana-da oshirish asosiy vazifalardan boʻlib qolayotgan edi.
Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 24-iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-son farmoni ayni tizimli muammolar va toʻplanib qolgan dolzarb masalalarning yechimini koʻrsatib bergani bilan ahamiyatlidir.
Farmonda keyingi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar taʼkidlanishi bilan birga, odil sudlovni amalga oshirishdagi muammolar, odil sudlovni taʼminlashning institutitsional asoslari, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash bilan bogʻliq ustuvor yoʻnalishlar koʻrsatib berildi. Odil sudlovni amalga oshirishning institutsional asoslari quyidagilarda namoyon boʻladi.
Birinchidan, barcha boʻgʻindagi sudlar, yaʼni tuman (shahar), viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar hamda Oliy sud faoliyati sudlarning qatʼiy ixtisoslashuviga koʻra tarkiban qaytadan tashkil etiladigan boʻldi.
Ikkinchidan, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlari joriy etiladi. Bunda jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibi belgilanadi, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritiladi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqi beriladi.
Toʻrtinchidan, sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi.
2021-yilning yanvar oyidan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bundan keyin viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlarga bir nafar sud raisi rahbarlik qiladi. Sud raisi oʻz oʻrinbosarlariga ega boʻlib, bir vaqtning oʻzida oʻrinbosarlar fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari va iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining raisi ham hisoblanadi.
Yangi tartibga koʻra maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi. Jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarida rais, uning oʻrinbosari boʻlishi mumkin va bir necha sudya faoliyat olib boradi.
Maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlari tashkil etilishi munosabati bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tugatiladi, lekin Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlariga rais rahbarlik qiladi. Mazkur sudlarda rais oʻrinbosari va 3 tadan 7 nafargacha sudya boʻlishi mumkin. Toshkent shahridagi tumanlararo maʼmuriy sudlariga rais rahbarlik qiladi va uning oʻrinbosari boʻladi. Bu sudlarda 2 nafardan 8 nafargacha sudya faoliyat olib borishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyati ham takomillashtirilmoqda. Xususan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish tartibi belgilanmoqda. Shuningdek, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqiladigan boʻlayapti.
Asosiy yangiliklardan biri sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlari Oliy sud raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqilishi instituti kiritilayotganida koʻrish mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, yuqoridagi Farmon va unda koʻzda tutilgan ustuvor yoʻnalishlar odil sudlovni taʼminlashga oid qonunchilikni takomillashtirish, sud hokimiyatini yana-da mustaqil qilish, sudni sohalar boʻyicha institutsional tizimlashtirish, uni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari taʼsiriga tushirmaslik, eng asosiysi, adolatli qarorlar qabul qilish orqali odamlarning sudga ishonchini yana-da mustahkamlash yoʻllarini belgilaydi.
Boboqul TOSHEV,
Yuristlar malakasini oshirish
markazi kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori.