Odil sudlovga erishish imkoniyati oshadi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari zamirida avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashdek ustuvor vazifalar mujassam. Prezidentimizning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ham sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatini yanada kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi.
Toshkent viloyat sudida tashkil etilgan seminar mazkur hujjatning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi. Unda viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mazkur farmon bilan 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunda, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar, jinoyat ishlari, mansabdor shaxslarning chiqarilgan qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar hamda sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan. Bu o‘z o‘rnida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida yakka tartibda faoliyat yuritayotgan bir nafar sudyaning o‘ziga juda ko‘p ishlarni ko‘rib chiqish vazifasini yuklamoqda. Bu fuqarolar tomonidan o‘rinli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha hududiy sudlarda ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari, ya’ni, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi va boshqa iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.

– Mazkur farmon bilan tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda, – deydi viloyat sudi raisi Dilshod Tadjibayev. – Bu bilan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashga erishiladi. Sudyalar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rish davomida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan to‘la va xolisona tekshirib chiqish, sudlanuvchilarning barcha vajlarini ko‘rish, taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni to‘liq aniqlanishi uchun zamin yaratadi.
Seminarda oxirgi paytlar joylardagi sayyor qabullarda ham aholi tomonidan bildirilayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda uchrayotgan muammolar endilikda bartaraf etilishi aytib o‘tildi. Sudyalar farmon yuzasidan o‘z fikr- mulohazalarini bildirdi. Yangi kiritilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlagan holda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirishi, sudyalarning jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishida keng imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
A.Musayev,O‘zA