Odamlarning ko‘p yillik orzusi ijobat bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bayrami kuni Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh oblasti Aravon rayoni hamda Andijon viloyati Marhamat tumanini bog‘lab turuvchi “Mingtepa” chegara posti ochilgan edi.
Bundan 15 yil avval faoliyatini to‘xtatgan mazkur chegara postining ochilishi nafaqat chegara hududida yashovchi aholi, umuman, andijonliklar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashabbusi bilan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik, savdo-sotiq ko‘lami tobora kengayib bormoqda. “Mingtepa” chegara postining ochilishi ana shu munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bilan birga, xalqimizning ko‘p yillik orzulari ijobati bo‘ldi.
O‘zA muxbirlari bir necha kun avval ish boshlagan chegara postida bo‘lib, mamlakatimizdan qo‘shni davlatga o‘tish va kirish uchun fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, mutasaddilar, yurtdoshlarimiz hamda qirg‘izistonlik mehmonlar bilan suhbatda bo‘ldi.
– Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega chegara-bojxona posti orqali fuqarolarning yurtimizga kirishi va chiqishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi “Mingtepa” chegara-bojxona posti smena boshlig‘i O‘lmasbek Sherov. – Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan ushbu post belgilangan tartiblar asosida bir kunda 2 mingdan 4 minggacha fuqaroni hamda 200 dan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Qo‘shnichilik munosabatlari, do‘stlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qo‘shni davlatga borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha ovoragarchiliklarning olib tashlanishi, ayniqsa, asrlar davomida qo‘shni yashayotgan, tili, dili, dini, turmush tarzi bir, lekin ma’lum vaqt aloqalari uzilib qolgan ikki xalq aholisini behad quvontirmoqda.
– Ushbu chegara postining ochilganligidan butun oilamiz, qarindosh-urug‘lar juda ham xursand, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Aravon rayoni Bobur mahallasida yashovchi Ashurali Nabiyev. – O‘zbekistonda qarindoshlarim ko‘p. Bundan 23 yil avval O‘zbekistonga qiz berganman. Hozir katta nabiram 22 yoshga to‘ldi. Keyingi o‘n, o‘n besh yil davomida bordi-keldiga juda qiynaldik. Qarindoshlar, qizim bilan bir-ikki yilda bir ko‘rishish nasib etardi.
2016 yilda Prezidentlarimiz tashabbusi bilan Xo‘jaobod tumanida “Do‘stlik” chegara posti ochildi. Shunga ham shukr deb, qizimni ko‘rgani 130 kilometr yo‘l bosib keldik. Bugun esa men kabi insonlarga juda katta imkoniyat yaratildi. Uyimdan chegaragacha bor yo‘g‘i uch kilometr, chegaradan qizimning uyigacha besh kilometr keladi. Qarang, 8 kilometr joyda yashaydigan qizimni ko‘rgan 130 kilometr yo‘l bosar, navbatlarda turib, chegaradan qiyinchiliklar bilan o‘tardik.
[gallery-13472]
Oddiy xalq uchun mana shunday imkoniyatni yaratib bergan Prezidentlarimizga, hukumatlarimizga rahmat.
– Men Marhamat tumanining chegaradagi Qorabag‘ish mahallasida tug‘ilib o‘sganman, Toshkent shahriga kelin bo‘lib tushganman, - deydi Muhabbatxon Ashurova. – Taqdir taqozosi bilan qizimni O‘sh oblastining Aravon rayoniga turmushga uzatganman. Qishlog‘imga yaqinlarimni ko‘rgani kelgan edim. Chegara ochilganligini eshitib, juda xursand bo‘ldim, qizimni ko‘rgani ketyapman. Ushbu chegara ochilmaganida farzandimni ko‘rgani Andijon – O‘sh orqali kamida 120-130 kilometr yo‘l bosib borishimga to‘g‘ri kelardi. Oddiy xalqqa yengillik yaratgani uchun Prezidentimizga mingdan-ming rahmat.
Abdumalik Abdullayev Marhamat tumanining Qorabag‘ish mahallasida yashaydi. O‘ttiz besh yil tumandagi 5-, 35- maktablarda o‘qituvchilik qilib, nafaqaga chiqqaniga ham besh yildan oshdi.
– Ota uyim Qirg‘iziston tomonda, chegaradan ikki kilometr yuqoridagi Bo‘zariq mahallasida edi, – deydi A. Abdullayev. – Farg‘ona pedagogika institutini tamomlab, 1981 yilda Marhamat tumanidagi 5- maktabda ish boshlagan, yangi uylangan paytlarim edi. Hozir yashayotgan joyimdan uy qurish uchun yer uchastkasi berilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, chegara qurildi. Men va bir necha singlim O‘zbekistonda, ota-onam, aka-opalarim esa Qirg‘izistonda qoldi. O‘shanda kim o‘ylabdi, deysiz bir oila vakillari ikki davlat fuqarosi bo‘lib qolishini. O‘n-o‘n besh yillar davomida bordi-keldiga shunchalar qiynaldikki, hatto, otam vafot etganida bordi-keldidagi qiyinchiliklardan, insonga, uning sha’ni, qadr-qimmatiga e’tiborsizlikdan beixtiyor ko‘zimga yosh olgan edim.
Mustaqillik bayrami kuni yana ko‘zimga yosh oldim, bu safar xursandchilikdan. Chunki o‘sha kuni o‘n besh yillar avval yopilgan qishlog‘imizdagi chegara posti yana ochildi. Hozir yoshi to‘qsonga yaqinlashib qolgan onam bor. Chegara ochilganidan buyon uch marta borib, xabar olib keldim. Ikki- uch soat vaqtim ketdi, xolos. Odamlarga imkoniyat yaratsa, bo‘lar ekanku. Yaratganga shukr, shu kunlarni ham ko‘rdik. Prezidentimizga, hukumatimizga rahmat. Umrim boricha mana shu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lgan insonlarni duo qilaman. Odamlarning og‘irini yengil, muammolarini hal etayotgan insonlar, Yurtboshimiz omon bo‘lsin.
– Bugun men kabi ko‘plab yurtdoshlarimiz behad mamnun, – deydi Marhamat tumani T. Mirzayev mahallasida yashovchi Turg‘unoy Rahmonjonova. – Endi Qirg‘izistonda yashayotgan qarindosh-urug‘larimiz bilan bemalol bordi-keldi qilish imkoniga ega bo‘ldik. Inson keksayganda ko‘ngil kishisi bo‘lib qolar ekan. O‘tib ketgan ota-onam, yaqinlarimni tez-tez yodga olaman, ularning qabrlarini ziyorat qilgim keladi. Lekin yo‘l olisligidan bora olmas edim. Mana endi qulay imkoniyat yaratilganidan beixtiyor ko‘zlarimga quvonch yoshlari keladi. Bu kabi imkoniyatlar, umuman, yurtimiz fuqarolarini hayotdan rozi qilish, odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish borasida ko‘plab xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizga o‘zim kabi chegara hududida yashayotgan aholi nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiraman.
Chegara posti yonginasida avtoturargoh tashkil etilganligi, hududda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida oshxona, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mehmonxona barpo etilayotganligi, Marhamat shahridan chegara postigacha bo‘lgan yo‘l ta’mirlanib, transport qatnovi, shuningdek, Farg‘ona viloyati Quva tumanidan chegara postiga qadar avtobus qatnovi yo‘lga yo‘lga qo‘yilganligidan aholi yanada mamnun.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari