Odamlarning dunyoqarashi ham, hayot tarzi ham o‘zgarmoqda
Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida ma’rifiy-madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha sohalardagi islohotlar inson omiliga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘zgardi, yurt taqdiriga daxdorlik tuyg‘usi yanada kuchaydi. Mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan mahallabay kesimidagi targ‘ibot tadbirlarida islohotlarning mazmun-mohiyati aholiga oddiy va samimiy usullarda, hayotiy misollar asosida yetkazilmoqda. Xususan, viloyatda olimlar, taniqli yozuvchi hamda shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, iste’dodli yoshlardan iborat 86 ta targ‘ibot guruhlari shakllantirildi.
Marg‘ilon shahridagi “Yangibog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan tadbir katta shodiyonaga ulandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M. Hojimatov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Hakimov va boshqalar yangilanayotgan O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosat aholi turmush farovonligi, jamiyat taraqqiyoti, insonparvarlik g‘oyasining asosi ekanligini ta’kidlashdi. Keng ko‘lamdagi islohotlardan maqsad aholini hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun sharoitlarni yaratib berishdir.
Ko‘hna va navqiron Marg‘ilonda bugun yangilanishlar nafasini yaqqol sezish mumkin. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ijodkorlar bog‘i shaharning eng qaynoq nuqtasiga aylangan. Joriy yilda bunyod etilgan Hunarmandlar, Raqamli texnologiyalar markazi bugun shaharga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Bir biridan muhtasham ko‘p qavatli uylar esa kun sayin qad rostlamoqda. Odamlarning turmush darajasi yaxshilanyapti. Qo‘yingki, san’at va ilm ahli bo‘lgan marg‘ilonliklar yaratuvchanlik ishqi bilan yashashmoqda.
Tadbirda Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari o‘z ijod namunalarini o‘qib eshittirdi. Shahar musiqali maqom teatri jamoasi tomonidan “Hazrat Navoiy” spektaklidan parcha namoyish etildi, san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari kechaga fayz bag‘ishladi.
Toshloq tumanidagi 2-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Dilbaroy O‘rinboyeva turon yakka kurashi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, jahon chempionati sovrindori. Uning oilasi “temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, doimo qo‘llab-quvvatlanib kelinyapti. Shijoatli bu qizning orzulari bir olam.
“Sadda” mahalla fuqarolar yig‘inidan bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ana shu sportchi qiz misolida yurtimiz yoshlari kamolotiga qaratilayotgan e’tibor xususida so‘z yuritildi. Odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar tilga olindi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov Dilbaroy bilan suhbat jarayonida uning rejalari bilan qiziqdi. Maktabni tamomlagandan so‘ng yuridik universitetga imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilishini bildirdi.
Ayni kunlarda ana shunday tadbirlar shahar va tumanlarda davom etmoqda.



M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA