Odamlar daromad topishiga koʻmaklashish zarur
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yoʻlga qoʻyilgani xalqimizning koʻnglini ancha koʻtardi.
Mening fikrim
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yoʻlga qoʻyilgani xalqimizning koʻnglini ancha koʻtardi.
Chunki mana bir oydan oshdiki, ishlamagani uchun daromadsiz qolayotgan odamlar soni koʻpaya boshlagani sir emas. Turli sohalarda kunbay mehnat qilayotgan kishilarning daromad manbalari qirqilgani barchamizni oʻylantirib qoʻymoqda.
Tashabbus boshlanganidan beri tadbirkorlar imkoniyatidan kelib chiqib, ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashishni zimmasiga olmoqda.
Ammo qoʻldan berganga qush toʻymaydi, deydi dono xalqimiz. Shuning uchun bu borada ayrim takliflarimni bildirib oʻtmoqchi edim. Ishga yaroqli, ammo karantin tufayli ishsiz qolgan odamlarni karantin qoidalariga rioya etgan holda ishga jalb qilish boʻyicha turli soha masʼullari, tadbirkorlar bilan hamkorlikda reja ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasida hozir ayni ish qizigan payt. Hatto xonadonlarda ham dehqonchilik ishlari avjida. Ammo bu yoʻnalishda ishchi kuchi yetarli, deb boʻlmaydi. Xonadonlarda yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlarini bozorga olib chiqib sotishda ham talay muammolar mavjud.
Shunday muammolarga yechim topish, tomorqalardan yana-da unumli foydalanish uchun yer egalariga zarur maslahatlar berib borish, ekin ekishda ularning turlari ham inobatga olinishi maqsadga muvofiq. Toki bir mahsulot koʻpayib, boshqasiga taqchillik yuzaga kelmasligi kerak.
Davlatimiz rahbari ham karantin qoidalarga rioya etgan holda ishlash choralarini koʻrish haqida toʻxtalib oʻtdi. Bunda tuman kengashlariga masʼuliyat yuklandi.
Tuman kengashlari aʼzolari – deputatlar endilikda pandemiya sharoitida yangicha uslubda ish oʻrinlari yaratish haqida jiddiyroq oʻylab koʻrib, tezroq ishga kirishsa yaxshi boʻlardi.
Misol uchun, qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishlarning onlayn roʻyxatini shakllantirish, mehnatga yarasha haq olish imkoniyatlarini yoʻlga qoʻyish, ishbilarmon fuqarolarning biznes klasterlariga oid loyihalarini moliyalashtirish masalalari yechimini kutib turibdi.
Shuningdek, aholi tomonidan oʻz tomorqasida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarni sotishda koʻmaklashish va ortiqcha ovoragarchiliksiz, sanitariya epidemiya qoidalariga amal qilgan holda isteʼmolchilarga yetkazib berilishini taʼminlash tizimini yaratish kerak.
Agar bu jarayonlarda jamoatchilik fikri oʻrganilsa yana-da yaxshiroq takliflar bildirilishi ham mumkin.
Bunday choralar vaqtida koʻrilsa, odamlar uchun daromad manbalari yaratilsa aholining moliyaviy ahvoli yaxshilangan va hozirgi vaziyatdan talofatsiz chiqishga zamin yaratilgan boʻlar edi.
Davron KARIMOV