“Ochiq eshiklar kuni”da korrupsiya mavzusi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Navoiy viloyat boshqarmasida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Aksilkorrupsiya” oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Unda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati, korrupsiyaga yo‘l ochib beradigan mexanizmlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish orqali inson omilini kamaytirib, adolatli, shaffof tizimni yaratish, poraxo‘rlik, qarindosh-urug‘chilik va tanish-bilishchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda jahon miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada ko‘plab xalqaro hujjatlar ham qabul qilinib, ular asosida ushbu illatga qarshi choralar ko‘rilmoqda.
– Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi, – deydi viloyat Adliya boshqarmasi bosh yuriskonsulti Po‘lat O‘roqov. – Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “korrupsiya – bu davlatimizni ich-ichidan yemirib, milliy xavfsizligimizga raxna soladigan g‘oyat xatarli tahdid va unga qarshi murosasiz kurash olib borish – barchamizning burchimizdir”.
Mamlakatimizda ham bu borada tegishli davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat tashkilotlar tomonidan ham keng ko‘lamli tadbirlar belgilanib, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda hamda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Respublikamizda 2017 yil 3 yanvarda 33 moddadan iborat “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, unda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi asosiy tushunchalarga izoh berilgan. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari belgilangan.
[gallery-20516]
Jumladan, qonunning 4-moddasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari