Obodlik va farovonlik manzillari
Farg‘ona viloyatining har bir hududi istiqlol yillarida yanada obod bo‘ldi, chiroy ochdi. Ayniqsa, qishloqlarning tarovati o‘zgacha, shukuhli. Bunyodkorlik va yangilanish nafaqat shahar va tumanlarni, balki odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartirmoqda. Buni Dang‘ara tumani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Qamchiq dovoni yo‘li orqali Farg‘ona viloyatiga kirib kelarkansiz, bu zaminga qadam qo‘yasiz. Aksariyat yo‘lovchilar Chag‘ali qishlog‘i hududidagi non rastasida bir dam to‘xtab, albatta, Qo‘qon patirlaridan xarid qilishadi. “Akmal patir”, “Sanjar patir” kabi brendga aylangan xushta’m nonlarning o‘z xaridorlari bor.
– Yigirma yildan buyon patir non sotaman. Xamir qorishdan tortib uni sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ishtirokchisiman, – deydi ochiq yuz ila non rastasida sotuvchilik qilayotgan Shahnozaxon O‘rinova. – Non rizq-ro‘zimiz, to‘kin-sochinlik ramzi. Bug‘doy, un taqchil bo‘lgan zamonlarni ham ko‘rdik. Bozorchadagi turli-tuman nonlarni ko‘rib, bugungi farovon kunlar uchun shukrona aytamiz.
Tadbirkor Kamoliddin Arslonov mashhur “Sanjar patir” nonlari “ijodkori”. Bugun uning boshchiligida 60 nafardan ortiq novvoylar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kamtar va hojatbaror tadbirkor yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ishtiyoqida.
– To‘rt yildan beri shu yerda novvoychilik qilaman, – deydi tandirdan non uzayotgan Eldorjon Irisboyev. – Kam bo‘lganimiz yo‘q. Asosan, Chag‘ali qishlog‘idan, qolaversa, boshqa shahar-tumanlardan ham yoshlar kelib ish o‘rganadi. Kecha tunda boshlangan harakatimiz mevasi bu patirlar...
Tandirdan yangi uzilgan, qaynoq patirlarning xush bo‘yi kishini mast qiladi. Saxovatli zamin va fidoyi dehqonlar mehnatiga tasanno, tinch-farovon hayotimizga shukronalik madhi bo‘lib ko‘ngillarni yuksaltiradi.
Yo‘l yurmoq – rohat, yo‘l qurmoq – savob
Mamlakat rivoji, fuqarolar turmushining farovonligini avtomobil yo‘llarining sifati, yo‘l infratuzilmasining qay darajada taraqqiy etganligi ham belgilab beradi. Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini barpo etishda, ona Vatanimizning yuksak taraqqiyotini ta’minlashda, hayotimizni yanada obod va farovon etishda yo‘lsozlarning ham alohida hissasi bor, albatta.
Tumandagi ichki yo‘llar, aholi yashash hududlaridagi ko‘chalar keyingi to‘rt yilda tubdan yaxshilanmoqda. “Obod qishloq” dasturi asosidagi ishlar bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Dang‘ara tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi direktori Zarifjon Nazirovni “Taptiqsaroy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qizg‘in ish jarayonida uchratdik. Shag‘al ortgan yuk mashinalari, greyderlarning shovqini, egniga sariq nimcha ilgan yo‘lsozlar shijoati-yu g‘ayratidan ko‘tarilgan changdan chetroqqa o‘tib, uni suhbatga tortdik.
– Yo‘l qurish savob. Yashash joyingdagi ko‘chalar tekis, orasta va obod bo‘lishiga nima yetsin, – deydi peshonasidagi terni artarkan korxona rahbari. – Tumanimizdan xalqaro va viloyatlararo yo‘llar o‘tgan. Bundan tashqari, ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llar mavjud. Ularning 300 kilometri asfaltlangan, qolgan qismiga ham asfalt yotqizish harakatidamiz. Hozircha ichki yo‘llarga shag‘al to‘kish, shibbalash, yo‘l chetlarini zamonaviy infratuzilmalarga mos ravishda qayta qurish ishlarini olib boryapmiz.
“Qizil musht” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Chek yer qishlog‘ida ikki kilometrlik zamonaviy yo‘l qurilishi e’tiborimizni tortdi. Keng-mo‘lgina yo‘l chetlariga tartib bilan ikki qator archa, sosna ko‘chatlari ekilgan. Piyodalar va velosipedlar uchun ajratilgan alohida yo‘lak kelgusida qishloq ahli uchun sayr, yugurish va dam olishga sharoit yaratgani kishini quvontiradi.
– Boshqa qishloqlardagi ravon va tekis yo‘llarni ko‘rib havas qilardik, – deydi “Birdamlik” mahallasida yashovchi Berdali Sheraliyev quvonchini yashirmay. – Mana, bizning mahallamiz yo‘llari ham havas qilarli bo‘lyapti. Baraka topishsin. Loy, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar endi tarixda qoladi. To‘y-ma’rakalarda mehmonlarni uyalmay uyimizga taklif qiladigan bo‘ldik.
Import o‘rniga eksport, keyin klaster...
Dang‘arada ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar bisyor. 2010 yili o‘z faoliyatini boshlagan “Ayubxon tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ko‘pchilik biladi. Zero, bu korxonada ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar nafaqat viloyatimiz, balki mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida, qolaversa, qo‘shni respublikalarda ham mashhur va xaridorgir.
– Ishni yo‘lga qo‘yib olgan tadbirkorlarga, bir talay ishchilar mehnat qilayotgan korxonalarga havas qilardim. Havas, yaxshi niyatga albatta yetasan, deganlari rost ekan. Bugun orzuimdagidek ishlab chiqarish sexiga ega bo‘ldim, – deydi jamiyat rahbari Dilshodaxon Usmonova. – Qarovsiz yotgan yerni olib, sex qurdik. Tikuv dastgohlari, zarur anjomlarni olib keldik. Bugungacha mingdan ortiq shogirdlar yetishtirdim. Lekin shu bilan to‘xtab qolganimiz yo‘q. Yangi g‘oyalar, yanada ulkan orzular bir dam bo‘lsin tinim bermaydi.
Jonkuyar va tashabbuskor rahbarlik qiladigan korxonada ishlash ham zavq beradi kishiga. Bu yerda qo‘li qo‘liga tegmay kiyim bichib-tikayotgan va dazmollayotgan xotin-qizlar yuzida ko‘tarinki kayfiyat sezilib turibdi.
– Asosan erkaklar va bolalar uchun trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Korxonaga ishga kelganimga besh yil bo‘ldi, – deydi chevar Mahliyoxon Pirmatova. – Yaxshi sharoit va maosh, ahil jamoa sababli oz muddatda o‘z ishimga kirishib ketdim. Hozir farzandlarimiz uchun bog‘cha-yasli ham ochib berishdi, ilhaqchilik yo‘q, maza qilib ishlayapmiz.
Yangilikka intiluvchan tadbirkor endilikda matolarni ham o‘z korxonasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish harakatida.
– Hozir kiyim-kechaklar uchun matolar asosan Xitoydan keltiriladi. O‘ylab qarasam, o‘zimizda xomashyo bor, ishchi kuchi ham yetarli. Faqat dastgohlar keltirsak, bo‘ldi, – deydi Dilshoda opa. – Mutasaddilarning ozgina madadi bilan bu yil oxirigacha mato ishlab chiqarishni boshlamoqchimiz. Fermer xo‘jaliklari, tekstil korxonalari bilan birgalikda trikotaj klasterini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib boryapmiz. Natijada xorijga chiqib ketayotgan valyuta tejaladi, matolar ham to‘liq tabiiy paxta xom ashyosidan tayyorlanadi. Korxonamizda qo‘shimcha 60 ta ish o‘rni ham yaratiladi.
Korxona mahsulotlari asosan qo‘shni Qirg‘izistonga eksport qilinadi. Joriy yilda 30 ming dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lib, yana 150 ming dollarlik eksport shartnomasi imzolangan.
[gallery-2189]
Tadbirkorlar uchun pillapoya
Dang‘ara tumanida “Taptiqsaroy”, “Katta turk”, “Chinobod”, “Qizil musht”, “Istiqlol” kichik sanoat zonalari tashkil etilgan.
“Chinobod” kichik sanoat zonasida qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Salkam 13 gektarlik hududning 3,9 gektari yosh tadbirkorlar uchun ajratilgan. bugungi kungacha 23 million dollarlik 47 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlanib, har bir tadbirkor uchun mos va xos binolar qurilishi boshlanib ketgan.
Ahamiyatlisi, “Xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” tamoyiliga asosan, bu yerda paxtani qayta ishlash, chigitdan paxta moyi ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha “Musavar tex” klaster korxonasi uchun 5,7 gektar yer maydoni mo‘ljallangan. Bundan tashqari, qishloq xo‘jalik apparaturalari ishlab chiqarish, ip-kalava, to‘qimachilik korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.
– Yil oxirigacha barcha qurilish ishlarini yakunlash niyatidamiz, – deydi Kichik sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiya tuman bo‘limi mutaxassisi Akmaljon Sultonov. – Suv, elektr, gaz, kanalizatsiya singari zarur muhandislik-texnik kommunikatsiyalar va infratuzilmalar joriy etilgach, bu yerda 2,5 mingta ish o‘rni yaratiladi. Birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlarni ishga jalb etishni ko‘zlaganmiz.
U bilan suhbatimiz uzoq cho‘zilmadi. Sababki, bu yerga tuman hokimi bir nechta yosh tadbirkorlarni ergashtirib kelib qoldi. Chetdan kuzatib turibmiz: ko‘zi yonib turgan tadbirkor yigitlar hokimga o‘z fikrlarini tushuntirishar, ora-ora berilayotgan savollarga darhol javob berishardi.
– Loyiham avtosanoatga aloqador. Avtomobil ehtiyot qismlari, butlovchi materiallar ishlab chiqarish. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali valyuta tejalishiga, doimiy ish o‘rinlari yaratilishiga erishmoqchiman, – deydi yigitlardan biri Oybek Umarov. – Rahbarlarga rahmat. Mana, hozir loyihadagi menga ajratilgan binolarning joylashishi bo‘yicha o‘zgartirish kiritdik.
Qo‘li qo‘liga tegmay ishlayotgan quruvchilarning kayfiyati chog‘. Kimdir g‘isht terayotgan, kimdir mix qoqish, payvandlash bilan band...
Joriy yilning birinchi choragi davomida tumanda 2425 ming AQSH dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Eksport mahsulotlarining asosiy qismi ip-kalava, trikotaj, xo‘jalik mollari, elektrotexnika hamda qishloq xo‘jaligi mah
sulotlaridan iborat. 2021-2022 yillarda 30 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 255,3 milliard so‘m o‘zlashtiriladi. Gap raqamlarda emas. Bu kabi ezgu ishlar natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, aholi farovonligi yuksalmoqda.
Ma’sudjon Sulaymonov,
O‘zA