Obod manzillarni obod ko‘ngillar yaratadi
Kuni kecha davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan uchrashib, samimiy muloqot qildi. Unda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barqaror iqtisodiyotimiz, farovon hayotimiz, xalqimiz dasturxonining to‘kin va fayzli bo‘lishida qishloq xo‘jaligining o‘rni, ishtiroki beqiyos.
Tabiiyki, jamiyatda iste’molchilik nuqtai nazaridan oziq-ovqat ta’minoti muhim o‘rinda turadi. Aholini sog‘lom va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash esa davlat siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi. Mana shu o‘ta muhim jarayonda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining munosib ishtiroki borligi ahamiyatlidir.

Kombinatning Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasida bugungi kunda ming gektardan ortiq yer maydonida g‘alla va dukkakli ekinzor, bog‘dorchilik hamda baliqchilik xo‘jaligi sifatida samarali foydalanib kelinadi. G‘alla rejasini ortig‘i bilan bajargan kombinat dehqonlari, yerdan ikkinchi hosil sifatida qovun-tarvuz va bodring yetishtirib, ishchilar dasturxoniga tuhfa qildi.

Shuningdek, kombinat Iste’mol mollari boshqarmasi qoramol fermasi ishchilari oshxona va Olmaliq shahri aholisi dasturxoniga muntazam sut, qaymoq, qatiq, tvorog, sariyog‘, qadoqlangan sut mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Kombinat sut mahsulotlariga iste’molchilarning talab va ehtiyoji yuqori.

Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Rejaning ortig‘i bilan uddalanishi o‘z vaqtida qilingan agrotexnik tadbirlarga, sut mahsulotlarining sifatli va barakali bo‘lishi esa fermada qoramollarning qarovi va parvarishiga bog‘liq.

Kombinat rahbariyati ishchi-xodimlarning ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash borasidagi qat’iyati tufayli bugun qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar barqaror va hosillar barakali bo‘lmoqda. Barcha tarmoqlar qatori Tikuvchilik sexida ish qizg‘in. Chevar xotin-qizlar tomonidan tikilayotgan maxsus kiyimlar kombinat ishchi-xodimlari ustini bezab turibdi.

Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasining eng faol ishtirokchisi sifatida boshqarmaning Olmaliq shahar markaziy ko‘chalari va hududlardagi obodonlashtirish ishlaridagi hissasi juda katta. Yoz bo‘yi hududlarni gulzorga aylantirgan boshqarma gulchilari ayni vaqtda issiqxonalarda 10 minglab ko‘p yillik geran va atirgul ko‘chatlarini bahorgi mavsumga tayyorlashmoqda. Joriy yilda ilk bor issiqxonada yetishtirilayotgan qulupnaylar nishona hosil berish pallasida.
Joriy yilda boshqarma fidoyi jamoasi alohida e’tibor qaratgan manzillardan biri bu – hududdagi “Qirqqiz” ziyoratgohi bo‘lib, mazkur ziyoratgohda keng ko‘lamda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bugun bu manzilga borgan odamning ko‘zi quvnaydi, dili orom oladi.
Mazkur boshqarmaga qarashli Baliqchilik xo‘jaligi ishchi-xodimlari Yangi yil bayrami dasturxoniga sazan balig‘ini tuhfa etishga tayyor. Umuman olganda, obod manzillarni yaratayotgan kombinat qishloq xo‘jaligi jamoasida hozir mehnat zavqi, bayram shukuhi hukmron.
A.Musayev, O‘zA.