Obod mahalla — barqaror elektr ta’minotidan boshlanadi
Mahalla obod bo‘lsa, odamlarning kayfiyati ham, turmush sifati ham o‘zgaradi. Toza ko‘chalar, ko‘kalamzor hududlar, zamonaviy infratuzilma va eng muhimi, barqaror elektr ta’minoti — bugungi islohotlarning amaliy natijasidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda e’lon qilingan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» ana shu ezgu maqsadlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, avvalo, mahallalar qiyofasi va odamlarning kundalik hayotida namoyon bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Shu bois hududlarda obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, magistral avtomobil va temir yo‘llar atrofini tartibga keltirish, turar joylar hamda tijorat ob’ektlarini namunali holatga keltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari ushbu tashabbus bir oylik tadbir bilan cheklanib qolmasligi, balki yil davomida davom etadigan umummilliy harakatga aylanishi zarurligini alohida qayd etdi.
Bu vazifalar Sirdaryo viloyatida ham amaliy ishlar bilan ta’minlanmoqda. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov topshirig‘i asosida shahar va tumanlarda mahallalarni obodonlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, aholi xonadonlarini tartibga keltirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda muhandislik tarmoqlarini yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda elektr ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, barqaror elektr ta’minotisiz zamonaviy va qulay mahalla haqida so‘z yuritish mushkul.
Shu maqsadda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
[gallery-30598]
Xususan, Prezidentning 2025-yil 8-oktabrdagi «Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo tumanidagi Paxtakor, Oqibat, Yoshlik va Shirin mahallalarida elektr ta’minoti infratuzilmasi tubdan yangilanmoqda.
Loyiha doirasida 560 ta temir-beton tayanch o‘rnatish, 24 kilometr zamonaviy elektr uzatish tarmoqlarini tortish va 10 ta yangi transformator punktini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu esa minglab xonadonlarni sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Qurilish-montaj ishlarini qisqa muddatlarda bajarish uchun viloyatning barcha shahar va tuman elektr ta’minoti korxonalaridan 200 nafardan ortiq mutaxassis hamda 50 dan ziyod maxsus texnika jalb etilgan. Ayni paytda barcha ishlar belgilangan reja asosida davom etmoqda.
— Bugun amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini ishonchli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashdir. Eskirgan elektr tarmoqlari hamda tayanchlar bosqichma-bosqich yangilanib, zamonaviy transformatorlar o‘rnatilmoqda. Bu mahallalarda elektr ta’minoti sifatini yanada oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi. Barcha ishlar belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan, — deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali kapital qurilish masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abror To‘rabekov.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, loyiha to‘liq yakunlangach, elektr energiyasidagi uzilishlar sezilarli darajada kamayadi, tarmoqlardagi kuchlanish barqarorlashadi va aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yanada yaxshilanadi.
Bugun obod mahalla deganda faqat toza ko‘chalar yoki ko‘rkam hovlilar emas, balki ishonchli muhandislik kommunikatsiyalari, barqaror elektr ta’minoti va inson manfaatiga xizmat qiladigan zamonaviy infratuzilma tushuniladi.
Sirdaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Zero, mahallada yaratilgan har bir qulaylik insonning turmush sifati, farovonligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA