Obod joyda baraka boʻladi UYDA QOLING!
“Mening ostonam gulzor” shiori ostida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayevning tashabbusi bilan boshlangan xayrli ishlar butun viloyat boʻylab keng quloch yoymoqda.
“Mening ostonam gulzor” shiori ostida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayevning tashabbusi bilan boshlangan xayrli ishlar butun viloyat boʻylab keng quloch yoymoqda.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi xotin-qizlar yoʻnalishi hamda tuman va shaharlardagi boʻlinmalarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari va ularning quyi boʻgʻini vakillari har bir xonadondagi uy bekasi bilan alohida-alohida ish olib borib, har bir xonadon ostonasini gulzorga aylantirishni maqsad qilgan.
Jumladan, viloyatning Mirzaobod tumanidagi barcha mahallalarda “Mening ostonam gulzor” loyihasi doirasida targʻibot ishlari keng koʻlamda olib borilmoqda.

– Har bir xonadonga kirib, uyda qolib, ammo bekor oʻtirmay, darvozalari oldini begona oʻtlardan tozalash, gullar ekish, daraxtlarni oqlash, shuningdek, ariq va lotoklarni, koʻcha boʻylarini tozaligiga ham eʼtibor qaratish, hamda ogʻir ijtimoiy vaziyatda yashovchi, nogironligi boʻlgan oilalarga amaliy yordam koʻrsatish, xonadonlarga ekayotgan koʻchatlar, gul urugʻlaridan qoʻni-qoʻshnilarga ulashishni keng targʻib qilayapmiz, – deydi Mirzaobod tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari G.Xolmurodova. – Oʻzbek xalqi azal-azaldan mehnatsevar xalq ekanligi barchamizga maʼlum. Shunday ekan, barchamiz birgalikda sinovli vaqtda birlashib, uyda qolgan holda xonadonlarimizni obod goʻshaga, ostonalarimizni gulzorga aylantiraylik.
Darhaqiqat, mirzaobodliklar “Mening ostonam gulzor” ezgu shiori ostida har bir fuqaro oʻz tomorqasini daromad manbaiga, oʻz ostonasini gulzorga aylantirmoqchi, obod qilmoqchi. Obod joyda esa hamisha qut-baraka boʻladi.