Obod boʻlayotgan Xoʻjaobod
Bu, albatta, mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasidir.
Yurtimizning har bir goʻshasi kundan-kunga obod boʻlib bormoqda. Yangi-yangi uy-joylar, bogʻcha, maktab, stadionlar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilib, qishlogʻu shaharlarimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda.
Bu, albatta, mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasidir.
Yurtimizning eng chekka, chegara hududida joylashgan Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida ham qurilish, bunyodkorlik, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash borasida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan besh-olti yillar avval, ayniqsa, tuman markazining bunchalar obod goʻshaga aylanishini hech kim xayoliga ham keltirolmas edi. Xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami – mustaqillik bayrami arafasida tumanda yana qator yangi obyektlar ishga tushirilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Xoʻjaobod tobora obod goʻshaga aylanmoqda.

Mahalla idorasi uchun yangi bino qurib berildi
Prezidentimizning 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida tumandagi “Nishobboʻyi” hamda “Karnaychi” mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Endilikda mazkur mahalla faollari koʻrkam, keng va chiroyli xizmat xonalarida ish yuritish imkoniga ega boʻldi.
– Jamiyat hayotida mahallaning oʻrni va roli nihoyatda katta, –deydi “Nishobboʻyi” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Faxriddin Tojiboyev. – Davlatimiz, Prezidentimizning mahalla tizimiga koʻrsatayotgan eʼtibori tufayli mahallamiz idorasi uchun yangi bino barpo etildi. Bu bizga qulay ish sharoiti yaratish bilan birga, zimmamizga ulkan masʼuliyat ham yuklaydi. El-yurt ishi uchun yana-da fidoyi boʻlish, sidqidildan mehnat qilishga undaydi.
Yangi binolar ochilishiga bagʻishlangan tadbirlarda viloyat, tuman hokimliklari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi vakillari ishtirok etib, aholini yangi binolar hamda yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi.

50 nafar xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi
– Tumandagi har bir mahallada aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda, – deydi tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Mohidilxon Nishonova. –Xususan, fuqarolarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, yangi korxonalar tashkil etish orqali koʻplab xotin-qizlar, yoshlarning bandligi taʼminlanmoqda.
Darhaqiqat, tumandagi aksariyat mahallalarda, shuningdek, aholi xonadonlarida tikuvchilik, trikotaj va boshqa ishlab chiqarish sexlari tashkil etilgan boʻlib, ayni kunda samarali faoliyat yuritmoqda. Tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan ularning faoliyati doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlanmoqda. Tadbirkorlarga elektr energiyasi taʼminoti, kredit va boshqa qator masalalarda amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida Karnaychi mahallasida “Asl faxr group” masʼuliyati cheklangan jamiyati tasarrufida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarash korxonasi ishga tushirildi. Korxonaning ishga tushirilishi bilan mazkur mahallada yashovchi 50 nafardan ziyod ishsiz xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.
Tumanda Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir qator yangi obyektlar ishga tushiriladi. Bu, albatta, aholining turmush farovonligini oshirish, yurtimiz rivojiga xizmat qiladi.