“O’zMinda” mahsulotlari xaridorgir
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida 2010-yilda hindistonlik investorlar ishtirokida ish boshlagan “O’zMinda” korxonasi ayni paytda to‘rt rusumdagi o‘zbek avtomobillari uchun spidometr, eshik dastasi va qulf jamlanmasi, avtomobil soati kabi 21 turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiy islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, yangi tarmoq va ishlab chiqarishlar o‘zlashtirilayotgani yalpi milliy mahsulotning barqaror o‘sishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro bozorda munosib o‘rin egallash, eksport va import munosabatlarini yuqori sur’atga ko‘tarish borasidagi ishlar salmog‘i ham yildan-yilga ortmoqda.Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2008-yilda Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy hududni tashkil etish loyihasining zamirida ayni jihatlar alohida e’tiborga olingani bugungi kunda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Hududda Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya, Italiya, Hindiston kabi mamlakatlar sarmoyasi ishtirokida qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan avtomobil sanoati uchun zarur ehtiyot qismlar, energetika tizimida foydalaniladigan kabellar, turli gigiyenik va kosmetik vositalar, raqamli telemoslamalar ishlab chiqarilmoqda.
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida 2010-yilda hindistonlik investorlar ishtirokida ish boshlagan “O’zMinda” korxonasi ayni paytda to‘rt rusumdagi o‘zbek avtomobillari uchun spidometr, eshik dastasi va qulf jamlanmasi, avtomobil soati kabi 21 turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarmoqda. Yiliga 250 ming avtokomponent tayyorlash quvvatiga ega korxona mamlakatimiz avtosanoati tizimidagi muhim bo‘g‘inlardan sanaladi.
– Korxonaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yangi ishlab chiqarishni o‘zlashtirish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda, – deydi korxona direktori Jasurbek Sharopov. – Natijada mahsulot turi ortib, eksport ko‘rsatkichi ham shunga mutanosib bo‘ladi.
Xorijiy investitsiya ishtirokidagi mazkur korxonada 90 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning asosiy qismi yoshlardir. Kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari talabalarining amaliyot o‘tashi uchun ishlab chiqarish tarmog‘ida zarur sharoitlar yaratilgan. Kelgusida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish natijasida yana o‘nga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Darhaqiqat, korxona tomonidan 2014-yilda 220 ming dollar qiymatidagi sifatli mahsulotlar xorijga eksport qilindi. Endilikda mahalliylashtirish dasturi asosida “GM Uzbekistan” tizimidagi yangi avtomobillar uchun muayyan ehtiyot qismlar shu yerning o‘zida tayyorlanadi.
Prezidentimizning 2015-yil 16-yanvarda mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni kengaytirish hisobiga iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda bu boradagi ishlar salmog‘ini yanada oshirish maqsadida Janubiy Koreyaning “S&T Motiv” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 2015-yilning oxiriga qadar korxonaga qo‘shimcha investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tejamkor, texnologik afzalliklari yuqori bo‘lgan yangi liniyalar o‘rnatish loyihalari ustida izlanishlar olib borilayotir.