Poytaxtimizda O‘zLiDeP siyosiy kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.Partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev va boshqalar shu yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalariga to‘xtalib, saylov milliy qonunchiligimiz talablari hamda umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlarga mos ravishda ochiqlik, oshkoralik, muqobillik asosida o‘tganligini alohida ta’kidladi. Unda partiyadan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylandi.
Prezident saylovida xalqimiz yuksak siyosiy faollik namoyish etib, taraqqiy etgan demokratik mamlakatlar qatoridan joy olish, ochiq va adolatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi strategik maqsad hamda vazifalarimiz amalga oshirilishini davom ettirish, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, odamlar turmush darajasini izchil yuksaltirib borishdek ezgu islohotlarimiz izchilligi uchun ovoz berdi.
Majlisda ushbu siyosiy tadbirda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi munosib ishtirok etgani, partiyadan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi xalqimiz qalbidan chuqur joy olgani hamda to‘liq qo‘llab-quvvatlangani, bu partiyaning barcha tuzilmaviy bo‘g‘inlariga, uning har bir faoli zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Konstitutsiyamizning 98-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rsatish masalasi siyosiy kengash a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Asosiy qonunimizga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
Muhokamalar davomida ta’kidlanganidek, Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ilgari surilgan masalalarni hayotga to‘la tatbiq qilish ko‘p jihatdan hukumat rahbariga ham bog‘liq.
Muhokamalar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Bosh vazir lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yig‘ilishda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati K.Jumamuratova, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori M.Jumanov, partiyaning Buxoro viloyati kengashi raisi F.Aminov va boshqalar Bosh vazir lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.