Oʻzbekistonning IHT bilan hamkorligi mustahkamlanmoqda
Xabar qilganimizdek, 7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari boʻlib oʻtadi.

Mazkur nufuzli anjumanning yurtimizda boʻlib oʻtayotgani bejiz emas. Zero, bugungi kunda mamlakatimiz seminarning asosiy tashkilotchisi hisoblangan IHTning eng faol aʼzolaridan biri. Oʻzbekiston 2015-yil 14-dekabrda IHTning yangi Nizomiga qoʻshilganini taʼkidlash lozim. Mazkur Nizom 2016-yil aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan.
IHT sammitlari va IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yillik sessiyalarida mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari muntazam qatnashib kelmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda Oʻzbekistonning IHT bilan hamkorligi faollashdi va oʻzaro munosabatlarning yangi bosqichiga koʻtarildi.
Oʻzbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida eʼtirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida eʼtirof etadi. Shu bois, mazkur tashkilot bilan oʻzaro munosabatlarimizni ravnaq toptirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar izchillik kasb etmoqda.