Oʻzbekistonlik shaxmatchilar jahon chempionatida
Kecha Belarusning Minsk shahrida kadetlar oʻrtasida tezkor shaxmat va blis boʻyicha FIDE III jahon chempionati boshlandi.
Kecha Belarusning Minsk shahrida kadetlar oʻrtasida tezkor shaxmat va blis boʻyicha FIDE III jahon chempionati boshlandi.
16-19-avgust kunlari oraligʻida boʻlib oʻtadigan musobaqada 8, 10 va 12 yoshli oʻgʻil-qizlar qatnashmoqda. Bu galgi jahon chempionatida dunyoning 34 mamlakatidan 750 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar gʻoliblik uchun dona surishmoqda.
Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi maʼlumotiga koʻra, musobaqada yurtimiz sharafini oʻgʻil bolalar oʻrtasida Ozodbek Oybekov hamda Otabek Oybekov, qizlar oʻrtasida esa FIDE ustaligiga nomzod shaxmatchilar Ruqiya Olimova hamda Afroʻza Hamdamova himoya qilmoqda.

Taʼkidlash kerak, Ruqiya Olimova oʻtgan yili Minskda boʻlib oʻtgan jahon chempionati bahslarida 8 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida blis yoʻnalishida kumush medalga sazovor boʻlgandi. Uning jamoadoshi Afroʻza Hamdamova esa blis yoʻnalishida chempion, rapid yoʻnalishida 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilgi 8, 10, 12 yoshli oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida tezkor shaxmat va blis boʻyicha II Jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 4 ta kumush medallarni qoʻlga kiritgan holda 26 davlat orasida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.