O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi jadal rivojlanmoqda
Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12-avgust kuni O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining Energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12-avgust kuni O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining Energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, iqtisodiyot, neft-gaz, energetika, geologiya kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri G.Saidova O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik savdo, iqtisodiyot, sarmoya, energetika kabi ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014-yilning may oyida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammitidagi ishtiroki hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvi o‘zaro munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi aloqalar Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida barcha sohalarda rivojlanmoqda. Xitoy mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. 2011-yilda ta’sis etilgan O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, energetika, neft-gaz, transport va ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida iqtisodiy sohada eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘sib borayotir. Joriy yilning yanvar-may oylarida bu ko‘rsatkich qariyb 2,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida tuzilgan 482 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Xitoyning yetmishdan ziyod kompaniyasi vakolatxonasi ishlab turibdi.
Mamlakatimizdagi qulay biznes muhiti, xorijiy sarmoyadorlarning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan afzalliklar va kafolatlar tizimi xitoylik ishbilarmonlarning yurtimiz iqtisodiyotiga qiziqishi va ishonchini oshirmoqda.
Xitoy ishbilarmonlari mamlakatimizda tashkil etilgan iqtisodiy- industrial zonalarda faol ish yuritmoqda. Xususan, “Jizzax” maxsus industrial zonasida Xitoy kompaniyalarining 50 million dollardan ziyod miqdordagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari ishtirokida o‘n beshdan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yoqilg‘i-energetika sohasida ham izchil taraqqiy etmoqda. Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining to‘rtta tarmog‘i ham O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tgani neft-gaz sohasida yuksak darajadagi o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlikdan dalolat beradi.
Mamlakatlarimiz O‘zbekiston – Xitoy gaz quvurining to‘rtinchi liniyasini qurish va ishga tushirishni strategik ahamiyatga molik muhim loyiha, deb hisoblaydi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning 2013-yil sentabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida yiliga 30 milliard kub metr gaz yetkazib berish quvvatiga ega mazkur liniya qurilishiga oid hujjat imzolandi. Bu Markaziy Osiyodan XXRga tabiiy gaz eksporti va tranzitini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Xitoy kompaniyalari yurtimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etayotir. Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) istiqbolli uglevodorod konlarini qidirish va ishga tushirish, shuningdek, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash loyihasini amalga oshirishda qatnashmoqda.
Mamlakatimiz Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki bilan ham faol hamkorlik qilmoqda. Xitoy Davlat taraqqiyot banki energetika, transport, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi umumiy qiymati 3,8 milliard dollardan ziyod turli loyihalarda ishtirok etmoqda.
Yurtimizda neft-gaz qazib olish bilan birga ularni chuqur qayta ishlash, shu orqali mahsulotlar turini ko‘paytirishga erishilmoqda. Shunday korxonalar barpo etilayotgani samarasida mamlakatimizda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan neft va gaz kimyosi sanoati rivojlanayotir.
Xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi iqtisodiy barqarorlik xalqaro miqyosda ulkan e’tibor qozonayotganini ta’kidlab, mamlakatimizda amalga oshiriladigan yirik loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.
– O‘zbekiston iqtisodiyot va energetika sohalarida ulkan salohiyatga ega, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining rivojlanish va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, energetika bo‘yicha davlat boshqarmasi raisi U Sinsyun. – Mamlakatlarimizning bu sohalardagi aloqalari g‘oyat samarali, har ikki tomon uchun foydali bo‘lmoqda. Quyosh va shamol energetikasi sohalari ham hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalishlaridan. Ushbu qo‘mita majlisi birgalikda qator loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida iqtisodiyot, neft-gaz, energetika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.