Oʻzbekiston Prezidentining Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasida strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi oʻzaro tashrif va muzokaralar Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitdi.
Toshkent va Ashxobod shaharlarida ikki tomonlama milliy koʻrgazma va biznes forumlari oʻtkazilgani, Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani, idoralararo hamkorlik mustahkamlanayotgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qildi.
Muloqotda Orolboʻyida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va ekologik falokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazilgani hamda Turkmanistonning ushbu jamgʻarmadagi samarali raisligi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning Orol muammosini hal etish borasidagi saʼy-harakatlariga yangi surʼat bagʻishlagani taʼkidlandi.
BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi oʻz faoliyatini boshlagani hamda dengizning qurigan tubida oʻrmonlar barpo etish yuzasidan olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar yuksak baholandi.
Shuningdek, boʻlajak tadbirlar rejasi, jumladan, joriy yil aprel oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida fikr almashildi.
Muloqot soʻnggida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz farovonligi yoʻlida Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.