O‘zbekiston Prezidentining tashrifi Hindiston matbuotida keng yoritildi
Prezident Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifiga Hindiston matbuoti ham alohida e’tibor qaratdi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifiga Hindiston matbuoti ham alohida e’tibor qaratdi.
Jumladan, “India Blooms” internet-portali O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida 1992 yil 25 oktabrda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani to‘g‘risida “O‘zbekiston bilan BAA savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi» nomli maqola chop etdi.
Nashrning ta’kidlashicha, 2018 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 400 million AQSh dollarini tashkil etgan va bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan ko‘pdir. Shuningdek, maqolada tashrif doirasida o‘zaro munosabatlarni har tomonlama kengaytirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, innovatsion, bank-moliya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingani qayd etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlangan. O‘zbekistonning tarixiy obidalari va muqaddas qadamjolari, boy ma’naviy va madaniy merosi, go‘zal tabiati Amirliklar aholisida katta qiziqish uyg‘otadi. O‘tgan yili BAAdan yurtimizga kelgan sayohlar soni 1,5 barobar o‘sdi.
Hindistonning eng ommabop «News18.com» axborot portali O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida investitsiya, moliya va muqobil energiya manbalari kabi sohalarda hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishilganiga urg‘u berdi.
«Diplomacy India», «Diplomacy Today» va «Sarkaritel» onlayn nashrlari ham davlatimiz rahbarining tashrifga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qildi. Ushbu maqolalarda O‘zbekiston Respublikasi bilan BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonot qabul qilingani alohida ta’kidlanadi. Shuningdek, tomonlar investitsiyalar, moliya, muqobil energiya, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma’muriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzolagani qayd etildi.
O‘zbekistonning Hindistondagi
elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.