O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Turkmanistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 23-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 23-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga keldi.
Ashxobod shahrining xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Davlatimiz rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov kutib oldi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan «Serdar» hukumat qarorgohiga yo‘l oldi.
Dasturga muvofiq rasmiy tashrifning asosiy tadbirlari 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston va Turkmanistonning turli sohalardagi o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolanadi.