O‘zbekiston mahsulotlari jahon ko‘rgazmasida
Avval xabar qilinganidek, 1-may kuni Italiyaning Milan shahrida “Expo Milano 2015” jahon ko‘rgazmasi ochiladi. Unda mamlakatimiz o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etadi.
Avval xabar qilinganidek, 1-may kuni Italiyaning Milan shahrida “Expo Milano 2015” jahon ko‘rgazmasi ochiladi. Unda mamlakatimiz o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etadi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sanoat tarmoqlari izchil modernizatsiya qilinayotgani, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi oshirilayotgani natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati yuksalib bormoqda. O‘zbekiston jahon bozoriga zamonaviy mashina va texnikalar, kiyim-kechaklar, tayyor ip-gazlamalar, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari kabi keng turdagi tovarlarni yetkazib berayotir. “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan bu mahsulotlar yuksak sifati bilan xorijliklarga manzur bo‘lmoqda, jahon bozorida keng o‘rin egallamoqda.
Mamlakatimiz mahsulot va xizmatlarini chet ellik xaridorlarga tanitish, eksport jo‘g‘rofiyasini kengaytirishda xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar muhim omil bo‘lmoqda. Jahon ko‘rgazmasi o‘z nomi bilan dunyodagi eng yirik savdo forumidir. Besh yilda bir marta o‘tkazilishi, olti oy davom etishi ham uning nufuzi va qamrovidan dalolat beradi.
Bu yilgi ko‘rgazmada qariyb 150 mamlakatdan mingdan ortiq kompaniya ishtirok etishi, unga 30 millionga yaqin kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. Mazkur forum iqtisodiyotning barcha zamonaviy yo‘nalishlarini qamrab oladi. U yerda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va ularni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ishlab chiqarishning innovatsion texnologiyalariga oid o‘nlab bo‘limlar ochiladi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 29-dekabrdagi qaroriga muvofiq Jahon ko‘rgazmasiga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Mamlakatimiz tarixi va taraqqiyoti, xalqimiz madaniyati va san’atini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston milliy pavilyoni yaratildi. Pavilyon materiallarini Milan shahriga yetkazish va barpo etish uchun zarur tashkiliy-moliyaviy ishlar amalga oshirildi.
Ko‘rgazmada mamlakatimiz iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, madaniyati va milliy taomlariga oid to‘rtta bo‘lim tashkil qilinadi. Ularda yurtimizning ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, transport va logistika xizmati ko‘rsatish sohalaridagi salohiyati namoyish etiladi. Buning uchun yetakchi sanoat korxonalari, tashqi savdo kompaniyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, turli vazirlik va idoralar jalb etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “O‘zmarkazimpeks”, “O‘zinterimpeks”, “Markazsanoateksport”, “O‘zprommashimpeks”, “O‘ztadbirkoreksport”, “O‘zvinosanoat-xolding”, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zulgurjisavdo invest”, “O‘rta Osiyo Trans”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” kabi tashkilot va kompaniyalar shular jumlasidandir.
Anjumanda ishtirokchilarga O‘zbekistonda mustaqillik yillarida barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, erkin industrial-iqtisodiy zonalari va qulay investitsiya muhiti, zamonaviy infratuzilmasi, meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, g‘allachilik va paxtachilik sohalaridagi tajribasi, shuningdek, xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari, yurtimizning sayyohlik salohiyatiga oid ma’lumotlar taqdim etiladi. Har bir bo‘lim mavzusi bo‘yicha tayyorlangan qiziqarli filmlar va roliklar doimiy namoyish etib turiladi.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida oziq-ovqat mahsulotlari sifatini oshirish va xavfsizligini ta’minlash, sohaga yangi innovatsiya va texnologiyalarni keng joriy qilish, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib etish kabi qator mavzularda konferensiyalar o‘tkaziladi.
Ko‘rgazmada ishtirok etadigan mamlakatimiz delegatsiyasining dastlabki guruhi Italiyaga jo‘nab ketdi. Ular O‘zbekiston milliy pavilyonini joylashtirish va bezatish bo‘yicha so‘nggi ishlarni amalga oshirmoqda.
“Expo Milano 2015” jahon ko‘rgazmasi mamlakatimizning ulkan iqtisodiy salohiyatini dunyoga keng namoyish etish barobarida oziq-ovqat sanoatidagi xalqaro talab va ehtiyojlarni chuqur o‘rganish, yangi hamkorlar topish, eksport jo‘g‘rofiyasini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.