Oʻzbekiston elchisi Kanada General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi
Marosim yakunida Javlon Vahobov Kanada TIVning Qutboldi mintaqasi, Sharqiy Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha byurosi direktori Ellison LeKler bilan ham uchrashdi. Kanadalik diplomat 2019 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston rahbarining Kanadaga tashrifini tashkil etish uchun siyosiy va diplomatik tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Oʻzbekistonning qarorgohi Vashingtonda boʻlgan elchisi Javlon Vahobov Kanada general-gubernatori Jyuli Payettga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati.
General-gubernatorning rasmiy qarorgohida oʻtkazilgan marosimdan soʻng oʻtkazilgan uchrashuvda Kanada rahbari “Oʻzbekiston oʻzining buyuk tarixi va jahonning strategik ahamiyatga ega qismida joylashuvi bilan mashhur” ekanligini alohida qayd etib oʻtgan.
Jyuli Payett fazogir sifatida Oʻzbekiston haqida koʻp eshitgani va oʻqiganini taʼkidlab oʻtdi. Jumladan, dunyoga mashhur olim Mirzo Ulugʻbek tuzgan katalogning falakiyot ilmini oʻrganishdagi oʻrni beqiyos.
Kanada general-gubernatori ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi rivojiga ham toʻxtalib oʻtdi. – Kanada Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatning rivojlangan aʼzosi boʻlish yoʻlidagi harakatlarini qoʻllab quvvatlaydi, dedi Jyuli Payett. - Men Kanadaning Sky Power kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga qayta tiklanuvchi energetika sohasini rivojlantirish uchun katta investitsiya bilan kirayotganini eshitganimdan xursandman. Bu loyiha “ikki tomon uchun ham manfaatli va yutuqli” hisoblanadi.
Shu bilan bir qatorda, Payett hali Oʻzbekiston va Kanada hamkorligi borasida amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar koʻpligini qayd etgan. Jumladan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo hajmini koʻpaytirish, taʼlim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligini taʼkidlagan.